O‘zbekiston-Ozarbayjon: yoqilg‘i infratuzilmasi rivojlantiriladi
“O‘zbekneftgaz” AJ va Ozarbayjonning “SOCAR” kompaniyasi o‘rtasida mamlakatimizda zamonaviy avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik bitimi imzolandi.
Jamiyat axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur hujjat ikki kompaniya o‘rtasida yoqilg‘i infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Bitim doirasida yurtimiz hududida zamonaviy AYOQSHlar tarmog‘ini barpo etish imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish va baholash, istiqbolli hududlar hamda ob’ektlarni aniqlash, shuningdek, loyihalarni amalga oshirishning samarali biznes modellari va amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Tomonlar mazkur hamkorlik tufayli o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirish, ilg‘or tajriba va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda mamlakatda yoqilg‘i infratuzilmasini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlarni o‘rganishni maqsad qilgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur hamkorlik bitimi O‘zbekiston va Ozarbayjon hududlararo IV forumi doirasida imzolandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA