O‘zbekistonning AKT xizmatlari eksporti besh yilda qariyb 6 barobarga oshdi
O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish jarayoni tashqi savdoning tarkibiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, telekommunikatsiya, kompyuter va axborotlashtirish xizmatlari eksportining so‘nggi yillardagi jadal o‘sishi mamlakatda IT sohasi asta-sekin valyuta tushumi keltiradigan muhim tarmoqlardan biriga aylanayotganini ko‘rsatadi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonning AKT xizmatlari eksporti 545,3 million AQSH dollarini tashkil etdi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 61,8 million dollarga yoki 12,8 foizga ko‘p.
Ko‘rsatkichlarni yillar kesimida tahlil qilsak, o‘sish sur’ati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. 2022-yilning birinchi yarmida AKT xizmatlari eksporti 92,6 million dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2023-yilda 159,4 million, 2024-yilda 281 million, 2025-yilda 483,4 million dollarga yetgan. 2026-yilning birinchi yarmida esa mazkur ko‘rsatkich 545,3 million dollarni tashkil qilgan.
Shunday qilib, 2022–2026-yillar oralig‘ida eksport hajmi qariyb 5,9 barobarga, ya’ni 452,7 million dollarga oshgan. Bu oddiy nominal o‘sish emas, balki AKT xizmatlarining mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyatidagi ahamiyati ortib borayotganidan dalolat beradi. Statistikadagi dinamikaga e’tibor berilsa, eksport o‘sishi bir maromda emas, balki ayrim yillarda ancha yuqori sur’atlarda kechgan.
2023-yilda eksport 2022-yilga nisbatan qariyb 72 foizga, 2024-yilda esa 2023-yilga nisbatan 76 foizga oshgan. 2025-yilda ham yuqori o‘sish saqlanib, eksport hajmi bir yilda qariyb 72 foizga ko‘paygan.
2026-yilda esa o‘sish sur’ati 12,8 foizga tushgan. Bir qarashda bu sekinlashishdek ko‘rinadi. Biroq, bunda baza effektini hisobga olish muhim. Ya’ni 2025-yilning o‘zida eksport hajmi 483,4 million dollarga yetgani uchun keyingi yilda xuddi shunday yuqori foizli o‘sishni ta’minlash qiyinlashadi. Boshqacha aytganda, AKT eksporti yuqori o‘sish bosqichidan nisbatan barqaror o‘sish bosqichiga o‘tayotgan bo‘lishi mumkin.
AKT xizmatlari eksportining an’anaviy tovar eksportidan muhim farqlaridan biri — uning katta qismi jismoniy logistika va xomashyo resurslarini talab qilmasligi. Masalan, dasturiy ta’minot, IT-autsorsing, bulutli xizmatlar, texnik qo‘llab-quvvatlash, raqamli dizayn va boshqa xizmatlar xorijiy mijozga O‘zbekiston hududidan turib ko‘rsatilishi mumkin.
Bu esa mamlakat uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta iqtisodiy samarani yuzaga keltiradi. Xorijdan valyuta tushumini oshiradi. Yuqori qo‘shilgan qiymatli xizmatlar ulushini ko‘paytiradi. IT mutaxassislariga talabni oshiradi. Yoshlar uchun yangi ish imkoniyatlarini yaratadi. Eksport geografiyasini kengaytirish imkonini beradi. Xizmatlar eksportining umumiy tashqi savdodagi ulushini oshiradi.
Ayniqsa, mamlakatda inson kapitaliga tayanadigan IT xizmatlarini rivojlantirish O‘zbekiston uchun raqobatbardosh ustunliklardan biri bo‘lishi mumkin. 545,3 million dollarlik natija ijobiy ko‘rsatkich bo‘lsa-da, AKT eksportining jadal o‘sishini uzoq muddat saqlab qolish uchun bir qator masalalarga e’tibor qaratish talab etiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA