O‘zbekiston oltin zaxiralari ulushi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda
Oltin narxining o‘sishi O‘zbekiston xalqaro zaxiralarini sezilarli darajada oshirmoqda. Biroq, qimmatbaho metall narxining keskin pasayishi mamlakat zaxiralari va eksport tushumlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. «Fitch Ratings» agentligi O‘zbekistonni oltin narxi o‘zgarishiga eng yuqori darajada ta’sirchan davlatlardan biri sifatida baholadi.
«Fitch Ratings» ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-avgust holatiga O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 64,35 milliard dollarni tashkil etgan. Uning 56,12 milliard dollari, ya’ni 87,2 foizi monetar oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonni xalqaro zaxiralar tarkibida oltinning ulushi bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa olib chiqmoqda.
Oltin narxining jahon bozoridagi o‘sishi mamlakat xalqaro zaxiralarining qiymatiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, iyul oyida O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari 589,8 million dollarga ko‘paygan. Bu o‘sishning qariyb 490 million dollari jahon bozorida oltin narxining oshishi hisobiga to‘g‘ri kelgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bir oylik zaxiralar o‘sishining qariyb 83 foizi oltin qiymatining ko‘tarilishi bilan bog‘liq. Xususan, iyul oyida oltinning jahon bozoridagi narxi 1 unsiya uchun 4 016,7 dollardan 4 052,2 dollargacha oshgan. Bu holat mamlakat uchun muhim moliyaviy ustunlikni ta’minlamoqda. Chunki oltin narxi yuqori bo‘lgan davrda mavjud zaxiralarning dollardagi qiymati ham avtomatik ravishda ortadi.
O‘zbekiston iqtisodiyotida oltinning ahamiyati faqat xalqaro zaxiralar bilan cheklanmaydi. Qimmatbaho metall mamlakat eksport tushumlarining ham muhim manbalaridan biri hisoblanadi. «Fitch» hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025-yilda oltin O‘zbekiston tovar eksportining 41 foizini ta’minlagan. Demak, jahon bozorida oltin narxining yuqori bo‘lishi mamlakat eksport daromadlari va tashqi savdo balansi uchun ham ijobiy ahamiyat kasb etadi. Oltin eksportidan tushumlarning ko‘payishi 2023–2025-yillarda O‘zbekistonning joriy hisob taqchilligini qisqartirishga ham yordam bergan. Bu esa mamlakatning tashqi majburiyatlarini bajarish va import to‘lovlarini moliyalashtirish imkoniyatlarini mustahkamlagan.
Oltinning xalqaro zaxiralar va eksportdagi ulushi yuqori bo‘lishi mamlakat uchun muayyan konsentratsiya xavfini ham yuzaga keltiradi. Agar jahon bozorida oltin narxi keskin pasaysa, bir vaqtning o‘zida ikki yo‘nalishda salbiy ta’sir paydo bo‘lishi mumkin: birinchidan, xalqaro zaxiralarning dollardagi qiymati kamayadi; ikkinchidan, oltin eksportidan tushadigan valyuta tushumlari qisqaradi. Shu nuqtai nazardan, oltin narxining o‘sishi O‘zbekiston uchun katta moliyaviy imkoniyat yaratayotgan bo‘lsa, uning keskin tushishi aksincha tashqi moliyaviy barqarorlikka bosim o‘tkazishi mumkin.
«Fitch» bahosiga ko‘ra, oltin narxining pasayishi O‘zbekiston va Qirg‘iziston uchun mintaqa davlatlariga nisbatan yuqoriroq xavf tug‘dirishi mumkin. Biroq, agentlik bunday holatning o‘zi mamlakatning suveren kredit reytingini pasaytirish uchun yetarli omil emasligini ta’kidlagan. Ekspertlarning qayd etishicha, oltinning yuqori ulushi hozirgi sharoitda mamlakat uchun kuchli himoya vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Jahon bozorida oltinga talab yuqori va uning narxi o‘sib borayotgan sharoitda O‘zbekiston xalqaro zaxiralarining qiymati ham oshmoqda.
Biroq, uzoq muddatli istiqbolda zaxiralar tarkibini diversifikatsiya qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki tashqi zaxiralarning bir turdagi aktivga yuqori darajada bog‘lanishi bozordagi narx o‘zgarishlariga nisbatan sezuvchanlikni oshiradi. Shu bois O‘zbekiston uchun oltin zaxiralarining yuqori darajada saqlanishi bir tomondan moliyaviy barqarorlik kafolati bo‘lsa, ikkinchi tomondan jahon oltin bozoridagi o‘zgarishlarga nisbatan qo‘shimcha tavakkalchilik manbaidir.
Umuman, «Fitch» keltirgan raqamlar O‘zbekiston iqtisodiyotida oltinning naqadar muhim o‘rin egallaganini ko‘rsatadi. 64,35 milliard dollarlik xalqaro zaxiralarning 87,2 foizi monetar oltindan iborat ekani mamlakatning tashqi moliyaviy barqarorligida qimmatbaho metall hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini anglatadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA