Yolg‘iz qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga amaliy ko‘mak berish tizimi yangi bosqichga ko‘tarildi
Mustaqillikning 35 yilligi
Mustaqillikning eng muhim mezonlaridan biri, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashda namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar uning asosi bo‘lmog‘i lozim.

Yurtimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga nazar tashlar ekanmiz, Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlaridagi o‘zgarishlar chin ma’noda e’tiborga molik ekaniga guvoh bo‘lamiz.
Xususan, mazkur yondashuv asosida oddiy maishiy yordam ko‘rsatishdan ijtimoiy xizmat, reabilitatsiya, bandlik va jamiyatga integratsiya qilish tizimigacha bo‘lgan jarayonlar qamrab olinmoqda.
Buning muhim huquqiy asoslaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi қарорidiр. Hujjatda ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirish, ularni mahalla darajasida tashkil etish, qamrovini kengaytirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar va keksalarning mustaqil hayot kechirishi uchun sharoit yaratish vazifalari belgilangan.
Ushbu siyosatning amaliy mexanizmlarini belgilab bergan muhim hujjatlardan yana biri – Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi “O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi қарорidiр. Unda markazlarning faoliyati, ularga joylashtirish tartibi, ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari, shuningdek, ijtimoiy-mehnat reabilitatsiya xonalarini tashkil etish kabi mexanizmlar belgilab berilgan.
Bugun Toshkent shahri ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi misolida ham bu o‘zgarishlarni yaqqol ko‘rish mumkin. Markazning dastlabki binolari 1968-yilda qurilgan bo‘lsa, 2017–2018-yillarda eski binolar to‘liq rekonstruksiya qilinib, yangilari barpo etildi. Bu, avvalo, markazda yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun xavfsiz, zamonaviy va qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.
Davlatimiz rahbari 2021-yilda markazga tashrif buyurgach, hududda Madaniyat markazi va nuroniylar istirohat bog‘i barpo etildi. Bu esa infratuzilmaga bo‘lgan yondashuv faqat yashash va parvarish bilan cheklanmayotganini ko‘rsatadi. Bugun markazda jami 220 ta o‘rin mavjud. Shundan 120 tasi byudjet asosidagi, 100 tasi pullik xizmatlar uchun ajratilgan. Doimiy yashovchilar 120 nafar bo‘lib, ularning 64 nafari erkaklar, 56 nafari ayollardir. Markazda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalar ham istiqomat qilmoqda. Bu raqamlar markaz faoliyatida turli ehtiyojlarga ega aholi qatlami uchun bir vaqtning o‘zida bir nechta xizmat shakllari yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. Jumladan, statsionar, kunduzgi qatnov va mobil xizmatlarning yo‘lga qo‘yilgani ijtimoiy himoya tizimidagi muhim o‘zgarishlardan biridir.
Bepul statsionar xizmatda fuqarolar belgilanmagan muddat davomida markazda qolishi mumkin. Pullik statsionar xizmat qisqa yoki uzoq muddatga ko‘rsatiladi. Kunduzgi qatnov shakli esa fuqaroning markazga kelib, zarur xizmatlarni olib, keyin o‘z xonadonga qaytishi imkonini beradi. Mobil xizmatlar orqali esa mutaxassislar yordamga muhtoj shaxslarning xonadonlariga borib xizmat ko‘rsatadi.
Hozirda “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Bu tizimning ahamiyati insonning ijtimoiy xizmatdan foydalanishi uchun uni albatta muassasaga joylashtirish talab etilmaydi. Aksincha, xizmat shakli fuqaroning ehtiyoji, funksional holati va hayot tarziga moslashtirilmoqda. Yuqoridagi qarorda ham mobil, kunduzgi qatnov, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy hamda reabilitatsiya xizmatlarini rivojlantirish nazarda tutuvchi vazifalar belgilangan.
Darhaqiqat, ijtimoiy himoyaning asosiy maqsadi – insonning faqat kundalik ehtiyojlarini qondirish emas, balki uning imkoniyatlarini saqlab qolish va rivojlantirishdir. Keksalarning mustaqil hayot kechirish imkoniyatlarini baholashda Bartel–Lauton shkalasidan foydalanish, ularning funksional holatini kuzatib borish va reabilitatsiya samaradorligini baholash tizimining joriy etilishi ham xizmatlarni shaxs ehtiyojiga moslashtirish imkonini beradi.
Qarorda ijtimoiy xizmatlar sifatini monitoring qilish va xizmat oluvchining natijasi, samaradorligi hamda qoniqish darajasini baholashga alohida e’tibor qaratilgan. Ayni maqsadda markazda mehnat terapiyasi yo‘nalishining tashkil etilgani ijtimoiy moslashuvning yana bir muhim jihatidir.Tadbirkorlar bilan hamkorlikda dasturxon tikish, kiyim bichish kabi ishlab chiqarish jarayonlari yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, turli qiziqish va qobiliyatlarni rivojlantirishga qaratilgan tikish va to‘qish, duradgorlik va kosibchilik, ashula va raqs, shaxmat-shashka to‘garagi, bog‘dorchilik va art-terapiya to‘garaklari tashkil etildi.
Bu yerda keksa yoki nogironligi bo‘lgan shaxsni faqat yordam oluvchi sifatida ko‘rishdan voz kechilib, uning mavjud qobiliyati va qiziqishlarini ishga solishga harakat qilinmoqda. Bu borada tadbirkorlar bilan shartnoma asosida hamkorlik yo‘lga qo‘yilib davlat, jamiyat va xususiy sektor o‘rtasidagi sheriklik imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.
Bu esa keksa avlod vakillarining hayot darajasi va sifatini yaxshilash, yolg‘iz va ko‘makka muhtoj qariyalar uchun qulay maishiy sharoitlar yaratish, sifatli tibbiy-ijtimoiy yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytiradi.
Nuroniylarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sog‘lomlashtirishga qaratilgan turli reabilitatsiya klublarining tashkil etilgani ijtimoiy xizmatning profilaktik va psixologik jihatlarini ham kuchaytirmoqda.
Bugun ijtimoiy muassasalarni modernizatsiya qilish faqat binolarni ta’mirlash bilan emas, balki raqamli va energiya samaradorligi texnologiyalarini joriy etish bilan ham uyg‘unlashmoqda. Markazda moddiy-texnik bazani mustahkamlash borasida o‘tgan yili kompyuterlar xarid qilinib, 60 kVt quvvatga ega On-grid quyosh panellari o‘rnatildi.
Xulosa qilib aytganda, zamonaviy infratuzilma orqali insonga munosib sharoitlar yaratilmoqda. Statsionar xizmatlar bilan bir qatorda mobil va kunduzgi xizmatlarning yo‘lga qo‘yilishi ijtimoiy yordamni insonning real ehtiyojiga yaqinlashtirmoqda. Reabilitatsiya va mehnat terapiyasi fuqarolarning mustaqilligini saqlashga xizmat qilmoqda. To‘garaklar, madaniyat markazi va istirohat bog‘i keksalarning ijtimoiy hayotdan uzilib qolishining oldini olishga ko‘maklashmoqda.
Eng muhimi, bu ishlar davlatimiz rahbarining mazkur qarorida belgilangan asosiy maqsad va vazifalar bilan uyg‘unlashmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi oddiy yashash muassasasidan ko‘ra kengroq vazifani bajarmoqda.
Frangiza AKRAMOVA,
Toshkent shahri ijtimoiy
qo‘llab-quvvatlash markazi
direktori.
O‘zA