Mustaqillikning 35 yilligi: byurokratiyadan xoli biznes va yangilangan tafakkur mevalari
So‘nggi o‘n yillikda O‘zbekistonda tadbirkorlik muhiti tubdan o‘zgardi. Bu boradagi eng katta burilish tadbirkorlar va investorlar ruhiyatidagi qo‘rquv, xavotir va ertangi kunga bo‘lgan ishonchsizlikning barham topgani bo‘ldi. Ilgari sarmoyador o‘z kapitalini ko‘rsatish, faoliyatini kengaytirishdan cho‘chigan bo‘lsa, bugun biznes egasi davlatni o‘ziga to‘siq emas, balki ishonchli hamkor va himoyachi sifatida ko‘rmoqda.
Jumladan, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, mulk daxlsizligining konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi tadbirkorlar psixologiyasidagi to‘siqni olib tashladi. Shu bilan birga, yillar davomida tadbirkorlik rivojiga g‘ov bo‘lib kelgan ortiqcha bosim, majburiy rejalashtirish va byurokratik qog‘ozbozlik tizimiga chek qo‘yildi. Nazorat organlarining asossiz tekshiruvlariga e’lon qilingan moratoriylar, 100 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalarning bekor qilinishi hamda davlat xizmatlarining raqamlashtirilib, “sukut – rozilik” tamoyiliga o‘tkazilishi biznesni ortiqcha daxmazalardan xalos etdi.
Barchaga ma’lum, bundan besh yil oldin Prezidentimiz tashabbusi bilan davlat rahbari va tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq muloqot o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu ezgu an’ana qisqa muddat ichida o‘z murakkab yechimlarini kutib yotgan tizimli muammolarni bartaraf etishning beqiyos mexanizmiga aylandi. Ilgari tadbirkorlar o‘z faoliyatida turli byurokratik to‘siqlar, asossiz tekshiruvlar va resurslar yetishmovchiligiga duch kelgan bo‘lsa, bugun ularning muammolari bevosita davlat darajasida tinglanmoqda va amaliy yechim topmoqda.

Ushbu ochiq muloqot tizimi yo‘lga qo‘yilganidan buyon o‘tgan davr mobaynida biznes rivoji yo‘lida g‘ov bo‘lib turgan minglab to‘siqlar olib tashlandi. Buning huquqiy kafolati sifatida 84 ta qonun, 861 ta Prezident farmoni va qarori qabul qilindi. Ushbu salmoqli hujjatlar shunchaki qog‘ozdagi islohot emas, balki tadbirkorlarning kundalik faoliyatini yengillashtirgan, ularga yangi imkoniyatlar va erkinliklar eshigini ochgan real yengilliklardir.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, biznesni qo‘llab-quvvatlashdan ko‘zlangan bosh maqsad mamlakatimizda yashayotgan har bir insonning, har bir oilaning turmush darajasini yaxshilashdir. So‘nggi besh yilda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra ko‘payib, 450 trillion so‘mga yetkazildi. Shuningdek, tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi. Bu mablag‘larning biznes ixtiyorida qolishi yangi loyihalarga, yangi ish o‘rinlariga yo‘naltirilib, yanada ko‘proq aholi turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qilgani bilan yanada ahamiyatlidir.
Prezidentimiz navbatdagi ochiq muloqotda ta’kidlaganlaridek, bugun o‘zbek tadbirkorlari oddiy “biznesni boshlash” bosqichidan o‘tib, “kapitalni ko‘paytirish”, faoliyatni kengaytirish va yuqori texnologiyalarni joriy etish bosqichiga qadam qo‘ydi. Besh yil ichida korxonalarning asosiy kapitalga kiritgan investitsiyalari hajmi 3 barobarga oshib, 363 trillion so‘mga yetdi. Bu mamlakatimizda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasining sifat jihatidan butkul yangi darajaga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, hududlarning sanoat salohiyati keskin ortib bormoqda. So‘nggi yillarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga ko‘paydi. IT-texnologiyalar, fintex va zamonaviy servis tarmoqlarining jadal rivojlanishi hisobiga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 1 trillion so‘mlik marradan oshgan tumanlar soni 41 tadan 152 taga yetdi. Dunyoning yetakchi marketpleyslari bilan bevosita hamkorlik qilayotgan korxonalarimiz soni 3,5 mingtaga yetgani esa mahsulotlarimizning jahon bozoriga kirib borish ko‘lami kengayayotganini ko‘rsatadi.
Jamiyatdagi eng katta ijobiy o‘zgarishlardan yana biri bu – tadbirkorlikning mahalla darajasigacha kirib borganidir. O‘z biznesini mahallada kichik faoliyatdan boshlab, bugun respublika bo‘ylab o‘nlab filiallarga ega bo‘lgan tadbirkorlar soni 550 tadan, milliy brend yaratgan tashabbuskorlar esa 300 tadan oshdi. Mis, oltin, metall prokat, polietilen, PVX va kaolin kabi xom ashyo resurslarining ochiq va teng sharoitlarda taklif etilishi elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika, to‘qimachilik va mebelsozlik sohalari rivojlanishni yanada tezlashtirdi.
Shuningdek, “BYD”, “ADM Jizzakh”, “Sirdaryo Asaka Motors” kabi zamonaviy avtomobilsozlik va muqobil energetika zavodlarining ishga tushirilishi mamlakatimizga yangi kompetensiyalar, yuqori texnologiyalar va minglab yuqori maoshli ish o‘rinlarini olib keldi. Bu esa oddiy oilalar farzandlarining o‘z yurtida zamonaviy mutaxassislikni egallashi va munosib daromad olishiga zamin yaratmoqda.
Eng muhimi, Prezidentimiz ochiq muloqot davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan dolzarb masalalar va takliflar asosida milliy iqtisodiyotni yanada yuksaltirishga qaratilgan 5 ta asosiy yo‘nalishni va muhim tashabbuslarni e’lon qildi.
Jumladan, endilikda biznesning har bir bosqichiga mos keluvchi kompleks ekotizim yaratiladi. Yangi biznes boshlovchilar uchun “Biznes start”, faoliyatini kengaytirayotganlarga “Biznes lift” va yirik o‘sish bosqichiga o‘tayotganlarga “Biznes yuksalish” dasturlari amaliyotga joriy etiladi. “Biznes start” doirasida sun’iy intellekt yordamida loyiha, kredit hujjatlari va hisobot yuritish o‘rgatilib, 100 milliard so‘m ajratiladi hamda 200 million so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi.
Davlat aktivlarini sotib olishda avans to‘lovi 30 foizdan 15 foizga tushiriladi, 6 oyda to‘liq to‘laganlarga 25 foiz chegirma beriladi. Summaning yarmini to‘lagan tadbirkor qolganini 7 yilda foizsiz bo‘lib to‘lashi mumkin. Eng muhimi, auksionda yer sotib olgan tadbirkorlar qurilishni boshlash uchun oylab hujjat yig‘ib yurmaydi – hokimlar yerni “tayyor paket” shaklida sotuvga chiqaradi.
Shuningdek, Navoiy, Jizzax, Namangan, Urgut va Hazorasp kabi maxsus iqtisodiy zonalarda “Bond sanoat zonalari” tashkil etilib, ularga olib kiriladigan xom ashyo va butlovchi qismlar barcha soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi. Infratuzilmaga ega tayyor binolar ajratish uchun 50 million dollar yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, “10 ming korxona uchun – sun’iy intellekt hamkor” dasturi ishga tushiriladi. Korxonalarga sun’iy intellektni joriy qilish xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi, dasturning birinchi bosqichiga 100 million dollar ajratiladi. Xususiy sektorni kapital bozoriga olib chiqish uchun yiliga daromadi 1 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan 50 ta korxona tanlab olinib, ularni xalqaro IPOga tayyorlash va hisobotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish xarajatlarining yarmi qoplab beriladi.
Qolaversa, tashqi bozorga chiqishning sifat jihatidan yangi “Eksport navigator” tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Eksportchilarni qo‘llab-quvvatlashga kamida 1 milliard dollar yo‘naltiriladi.
Yakuniy va muhim tashabbus – kichik biznesda inson sog‘lig‘i va boshqalar manfaatiga zarar yetkazish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday tekshirishlar uchun 3 yil muddatga moratoriy e’lon qilindi. Barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha ikki barobar kamaytiriladi. Davlat va tadbirkor o‘rtasidagi nizolarda “Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi” hamda “Birinchi xato uchun ogohlantirish” tamoyillari joriy etiladi. Birinchi bor xato qilgan va zarar yetkazmagan tadbirkorga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun beriladi va u jarimaga tortilmaydi. 30 dan ortiq faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi, 50 foiz davlat xizmatlari “sukut – rozlik” tamoyiliga o‘tkaziladi.
Xulosa qilib aytganda, milliy mustaqilligimizning eng katta yutug‘i va bebaho ne’mati – bu yurtimizda erkin yashash, mehnat qilish va kelajagimizni o‘z qo‘limiz bilan barpo etish imkoniyatidir. Mustaqillik bergan bu ulug‘ huquq bugun tadbirkorlik harakati timsolida o‘zining real amaliy ifodasini topmoqda.
Asliddin NURIDULLAEV,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat
xavfsizligi universiteti kafedra boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, dotsent.
O‘zA