Barqaror rivojlanish maqsadlari: quruqlik ekotizimlari muhofazasi kuchaytiriladi
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) doirasida “Quruqlik ekotizimlarini muhofaza qilish va bioxilma-xillikni asrash” mavzusida seminar tashkil etildi.
Qo‘mita raisi Anvar To‘ychiyev mamlakatimizda quruqlik ekotizimlarini himoya qilish va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi. O‘rmonlar maydonlarini kengaytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish, yerlar degradatsiyasini to‘xtatish hamda bioxilma-xillik yo‘qolishining oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda o‘rmonlar maydoni 4,7 million gektarga yetkazildi. Bundan tashqari, Orol dengizining qurigan tubida qariyb 2 million gektar maydonda yashil qoplamalar barpo qilinib, ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadal olib borilmoqda.

Mamlakat hududida cho‘llanish xavfi ortayotgani, iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, haroratning ko‘tarilishi va chang-to‘zon bo‘ronlari hosil bo‘lishi, yerlar degradatsiyasi jarayonining kuchayishi sohani yangi yondashuvlar asosida rivojlantirishni taqozo etmoqda.
Seminarda quruqlik ekotizimlarini himoyalash, o‘rmonlardan oqilona foydalanish, cho‘llanishga qarshi kurashish, yerlarning yemirilishini to‘xtatish va bioxilma-xillikni asrash nafaqat ekologik xavfsizlikning muhim omili, balki iqtisodiy barqarorlik, aholi farovonligi va ijtimoiy himoya sifatida alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Barpo etilgan o‘rmonzorlarni saqlab qolish, ekilgan daraxt va butalarni parvarishlash, degradatsiya uchragan yerlarni tiklash, yaylovlarning mahsuldorligi va o‘simlik qoplamini oshirish, sho‘rlangan yerlar maydonini kamaytirish choralarini yanada kuchaytirish lozimligi qayd etildi.

BRM maqsadlariga erishishda parlament, mahalliy kengashlar, jamoatchilikning ishtiroki muhimligidan kelib chiqib, o‘rmonlardan oqilona foydalanish, cho‘llanishga qarshi kurashish va bioxilma-xillikni asrash, yerlarning yemirilishini to‘xtatish bo‘yicha hududlar kesimida aniq indikatorlar, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.
N.Abduraimova,
O‘zA