Yetti avloddan o‘tib kelayotgan kulolchilik maktabi
Poytaxtimizdagi Toshkent muzeyida «Meros va mahorat» nomli kulolchilik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada kulol Alisher Rahimov ijodi, milliy kulolchilik san’atining o‘ziga xos jihatlari hamda avloddan avlodga o‘tib kelayotgan hunarmandchilik an’analari namoyish etildi.
Tadbir davomida tashrif buyuruvchilar kulolchilik san’ati, uning boy tarixi va xalqimiz madaniy merosidagi o‘rni bilan yaqindan tanishdi.

Kulolchilik — milliy hunarmandchiligimizning betakror namunasi sifatida ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan hunar turlaridan. Oddiy tuproqdan san’at asari darajasidagi buyum va narsalarni yaratish, ularga turlicha shakl berish, naqsh va ranglar bilan bezash har bir kulolning mahorati va iste’dodi bilan bog‘liq jarayon.
Toshkent shahrida joylashgan Rahimovlar kulolchilik maktabi 7 avloddan beri davom etib kelayotgan mashhur kulollar sulolasi tomonidan tashkil etilgan. Maktabning zamonaviy tarixi va ilmiy asosi O‘zbekiston xalq rassomi, ustoz kulol Muhitdin Rahimov (1903–1985) nomi bilan chambarchas bog‘liq. 2005–2006-yillarda esa ushbu sulolaning 5 va 6-avlod vakillari tomonidan Toshkentda rasmiy «Ustoz-shogird» kulolchilik maktabi va oilaviy studiyasiga asos solingan.

«Meros va mahorat» deb nomlangan ko‘rgazma milliy kulolchilik san’atini avlodlar davomiyligida asrab-avaylab va rivojlantirib kelayotgan Rahimovlar oilasining ijodiy merosi va betakror mahoratini namoyon etadi. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan har bir kulolchilik namunasida tabiatning go‘zalligi, xalqning dunyoqarashi, milliy tafakkuri va estetik didi o‘z ifodasini topgan, milliy an’analarga ehtirom va yangilikka intilish mujassam. Shakllar nafosati, ranglar uyg‘unligi, naqshlar jozibasi va har bir buyumdagi o‘ziga xos badiiy yechimlar xalqimizning boy ma’naviy olamini o‘zida ifoda etgan.

Ko‘rgazmada qayd etilganidek, oilaviy kulolchilik maktabida avlodlar tajribasi, ustozlar sabog‘i va shogirdlar izlanishi bir-biri bilan uyg‘unlashib, o‘ziga xos ijodiy muhitni shakllantiradi. Oilaviy hunarmandchilik an’analarining davom etishi esa nafaqat bir oilaning yutug‘i, balki milliy madaniyatimizning boyishi va ma’naviy merosimizning yashovchanligiga xizmat qiladi, milliy an’analarimizni asrab-avaylashda muhim o‘rin tutadi.
M.Komilova,
O‘zA