Ustoz jurnalistning 90 yoshi nishonlandi
Farg‘onada O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, viloyat jurnalistikasining taniqli vakillaridan biri Doniyor Ergashev tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda jurnalistlar, faxriylar, ijod ahli, hamkasblar va shogirdlar ishtirok etib, ustozning hayot yo‘li, ko‘p yillik mehnati va milliy jurnalistika rivojiga qo‘shgan hissasi haqida samimiy fikrlar bildirdi.
Tadbirda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning yubiley munosabati bilan yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda Doniyor Ergashevning jurnalistika sohasidagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, kasbiy mahorati va hududiy axborot maktabini rivojlantirishdagi xizmatlari e’tirof etildi.
[gallery-32173]
Doniyor Ergashev uzoq yillar davomida Farg‘ona viloyati teleradiosida hamda «Farg‘ona haqiqati» gazetasida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan. Uning hayoti va mehnat faoliyati viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-madaniy hayotini yoritish, dolzarb masalalarni jamoatchilikka yetkazish va jurnalistlar avlodini tarbiyalash bilan chambarchas bog‘liq.
– Ustoz mansab lavozimlarida ishlagan, boshqa amaldorlar bilan hayot yo‘li kesishgan chog‘larda ham hech qachon o‘zligini, jurnalistikaga sodiqligini yo‘qotmagan, – deydi viloyat teleradiokompaniyasi direktori Ibrohimjon Halimbekov. – Faqat jamiyat hayotidagi muammolarni ko‘targan va yoritilishi zarur bo‘lgan mavzulardan qaytmagan.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar ustozning rahbarlik tajribasi, kasbiga sadoqati, hamkasblariga munosabati va yosh ijodkorlarga ko‘rsatgan ko‘magi haqida to‘xtaldi. Uning jurnalistikadagi ko‘p yillik faoliyati, matbuot va teleradiojurnalistika sohalaridagi xizmatlari alohida e’tirof etildi.
– Ustozning xabarmi, publitsistik tahlilmi – barcha maqolalari dastlab qaraganda oddiydek tuyuladi. Ammo so‘zga shu qadar zargarona yondashadiki, ijobiy ma’noda so‘zga xasislik bilan, har bir jumlasiga alohida sayqal berib, fikrlarini marvarid-marjondek tizadi. Ularning matnidan biror jumlani olib tashlash ham, ortiqcha so‘z qo‘shish ham mumkin emas, – deydi «Xalq so‘zi» gazetasi muxbiri Botir Omonov. – Shu bois ustozning har bir maqolasi mahorat va mukammallik sabog‘idir.
Ustoz Doniyor Ergashev 90 yoshda bo‘lsa-da, hamon qalam tebratadi. Shogirdlar ijodini tahlil qiladi, mahorat maktabida yoshlarga jurnalistika amaliyotidan dars beradi.
Tadbir yakunida Doniyor Ergashev so‘zga chiqib, yubiley munosabati bilan bildirilgan samimiy tabriklar, e’tibor va hurmat uchun barchaga minnatdorchilik bildirdi. Uning so‘zlaridan inson umri davomida qilgan mehnati el-yurt va kasbdoshlar e’tirofida qadr topishi katta baxt ekani anglashildi.
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov (video), O‘zA