O‘zbek folklori xalqaro ilmiy maydonda
Millatning qiyofasini dunyoga tanitishda folklor san’atining o‘rni beqiyos. Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi tashkilotchiligida Xitoy va Markaziy Osiyo xalqlari eposi hamda adabiyotini qiyosiy o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro «Tyanshan forumi» bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori, professor Jabbor Eshonqulov ishtirok etib, forumning yalpi majlisida ilmiy ma’ruza bilan qatnashdi.

Aytish kerakki, Jabbor Eshonqulov o‘zbek folklorshunosligining rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan olimlardan biri bo‘lib, uning ilmiy izlanishlarida xalq dostonlari, epik an’analar, mifologik qarashlar va xalq og‘zaki ijodining badiiy xususiyatlarini o‘rganish muhim o‘rin tutadi. Olimning tadqiqotlari orqali xalqimizning asrlar davomida shakllangan ma’naviy dunyosi, milliy qadriyatlari va badiiy tafakkurini chuqurroq anglash imkoni yaratiladi.

Forum davomida Xitoy va Markaziy Osiyo xalqlarining boy epik merosi, xalq og‘zaki ijodi namunalari hamda adabiy an’analarini qiyosiy o‘rganish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, xalqlar o‘rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalar, mushtarak qadriyatlar va o‘zaro yaqin badiiy xususiyatlarni tadqiq etish yuzasidan fikr almashildi.

O‘zbek xalq og‘zaki ijodi milliy ma’naviyatimiz, tarixiy xotiramiz va badiiy tafakkurimizning bebaho xazinasi. Xalq dostonlari, afsona va rivoyatlar, maqollar hamda boshqa folklor namunalarida xalqimizning hayot tajribasi, orzu-intilishlari, urf-odatlari va asriy qadriyatlari mujassam. Shu bois ushbu merosni xalqaro miqyosda o‘rganish va targ‘ib etish nafaqat milliy madaniyatimizni tanitish, balki turli xalqlar o‘rtasidagi mushtarak ma’naviy ildizlarni anglashda ham muhim ahamiyatga ega.

Professor Jabbor Eshonqulovning «Tyanshan forumi»dagi ishtiroki o‘zbek folklorshunosligining xalqaro ilmiy maydondagi nufuzini mustahkamlash, milliy og‘zaki ijod namunalarini jahon ilmiy jamoatchiligiga kengroq tanitish hamda xorijlik tadqiqotchilar bilan ilmiy aloqalarni rivojlantirish nuqtai nazaridan ahamiyatli.
N.Usmonova,
O‘zA