O‘zbekiston san’ati "MAMF-2026" xalqaro festivali sahnasida
Keyingi yillarda milliy madaniyatimizga qaratilayotgan e’tibor o‘zbek san’atini jahon miqyosida kengroq namoyish etish imkonini bermoqda. Koreya Respublikasining Changvon shahrida XXI Madaniy xilma-xillik festivali doirasida O‘zbekistonning maxsus madaniy dasturi taqdim etildi.
Tadbirda O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi diplomatik vakolatxonasi vakillari, festival tashkilotchilari, Koreyaning davlat va jamoat arboblari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Dastur davomida «Tumor» raqs ansambli va Jizzax viloyati filarmoniyasining «Navo» ansambli o‘z dasturlarini taqdim etdi.

Bu esa tomoshabinlarga milliy madaniyatimizning boyligi va o‘ziga xosligini his etish imkonini yaratdi. Milliy raqslar, maqom va an’anaviy musiqa uyg‘unligidagi chiqishlar auditoriyada katta qiziqish uyg‘otib, tadbirga o‘ziga xos fayz bag‘ishladi.


O‘zbekistonning “MAMF-2026” festivalida faxriy mehmon mamlakat sifatida ishtirok etishi milliy madaniyatimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish, shuningdek, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Usmonova,
O‘zA