"Yerevan Mayor Cup": yarim finalda ikki nafar bokschimiz jang o‘tkazadi
Bugun, 24-iyul kuni Armaniston poytaxti Yerevan shahrida boks bo‘yicha davom etayotgan “Yerevan Mayor Cup” turnirida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Samandar Olimov va To‘rabek Habibullayev yarim final janglarini o‘tkazadi.
-60 kilogramm og‘irlikda kechadigan final oldi bahsida Samandar Olimov armanistonlik Artur Bazeyan qarshiligini yengishga harakat qilsa, -90 kilogramm vazn toifasida To‘rabek Habibullayev Eron vakili Hadi Mohammadnejad bilan final yo‘llanmasi uchun jang olib boradi.
Kecha nufuzli musobaqaning ortda qolgan uchinchi kunida Shahzod Muzaffarov -55 kilo og‘irlikdagi yarim final jangida Arman bokschisi Suren Rubinyanni 5:0 hisobida yengishi natijasida finalda oltin medalga da’vogarlik qilish huquqini qo‘lga kiritdi.
-70 kg. vazn toifasidagi yarim finalda esa yana bir yurtdoshimiz Iqboljon Xoldorov armanistonlik Xurutyun Xakobkoxyanga 2:3 hisobida imkoniyatni boy berib, bronza medal bilan kifoyalandi.
“Yerevan Mayor Cup” xalqaro turniri 25-iyulga qadar davom etadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA