Chempionlar aniqlandi
Sirdaryo viloyatida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida stritbol sport turi bo‘yicha viloyat bosqichi musobaqalari o‘tkazildi. Guliston shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining 4-tip sport majmuasida tashkil etilgan bellashuvlarda viloyatning barcha shahar va tumanlarida o‘tkazilgan saralash bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan eng kuchli jamoalar ishtirok etdi.
Musobaqalar 16–21 hamda 22–30 yosh toifalarida o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida tashkil etildi. Har bir uchrashuv keskin raqobat, yuqori sur’at va murosasiz kurashlarga boy kechib, ishtirokchilar jismoniy tayyorgarligi, texnik mahorati, jamoaviy o‘yin madaniyati hamda g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini namoyon etishdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni ommaviy sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilayotgan “Besh tashabbus olimpiadasi” nafaqat iqtidorli sportchilarni aniqlash, balki hududlarda ommaviy sport harakatini yanada rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-30538]
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslar yakunlariga ko‘ra, 16–21 yosh toifasida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Boyovut tumani, qizlar o‘rtasida esa Guliston tumani jamoalari viloyat chempionligini qo‘lga kiritdi.
22–30 yosh toifasida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Guliston tumani, qizlar o‘rtasida esa Sirdaryo tumani jamoalari g‘olib deb topildi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Viloyat chempionligini qo‘lga kiritgan jamoalar endilikda “Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida Sirdaryo viloyati sharafini himoya qiladi. Qizlar o‘rtasidagi respublika musobaqalari Xorazm viloyatida, o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvlar esa Sirdaryo viloyatida o‘tkaziladi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA