Sinxron suzish: Osiyo chempionatida O‘zbekiston madhiyasi yangradi
Tailandda suv sporti turlari bo‘yicha davom etayotgan Osiyo chempionati sinxron suzish yo‘nalishidagi bahslarning ikkinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 6 ta medallar shodasini qo‘lga kiritdi.
Qit’aning eng kuchli sportchilari ishtirokida o‘tayotgan bahslar davomida terma jamoamiz a’zolaridan ayollar o‘rtasida erkin uchish dasturida Alisa Morkovina “S” guruhida 304.8675 ball jamg‘arib, oltin medalga ega chiqdi.
Shuningdek, “A” guruhida qatnashgan sportchimiz Darya Kochneva 206.1213 ball bilan kumush, “B” guruhida Yelizaveta Kasatkina 309.9178 ball to‘plab bronza, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Jasur Hasanov 199.1961 ball bilan bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Chempionatning texnik mashqida mamlakatimiz ayollar jamoasi va erkaklar jamoasi bronza medallariga egalik qildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA