Yengil atletikachilarimiz Shveysariyada zafar quchdi
Shveysariyaning Jeneva shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan “Atleticageneve – EAP” xalqaro turnirida mahoratli sportchilarimizning muvaffaqiyati tufayli O‘zbekiston madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz yuksaldi.
Yevropa va Osiyoning yetakchi mamlakatlari vakillari ishtirok etgan ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari oltin va bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Butunjahon yengil atletika federatsiyasi taqvimidagi muhim musobaqa sanaladigan “Atleticageneve – EAP” xalqaro turnirida mahoratli sportchimiz Anvar Anvarov uzunlikka sakrash dasturida 8 metr natijaga erishgan holda g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. 2-o‘rinni egallagan portugaliyalik Gerson Balde 7.86 metr, 3-o‘rin sohibi bo‘lgan Xitoy Taypeyi vakili Yu-Tang Lin 7.82 metr ko‘rsatkich qayd etdi.

Osiyo o‘yinlari g‘olibi Safina Sa’dullayeva balandlikka sakrash bahslarida 1.83 metr balandlik nuqtasini zabt etib, bronza medaliga musharraf bo‘ldi. Mazkur dasturda estoniyalik Elizabey Pihela (1.89) va Niderlandiya terma jamoasi a’zosi Britt Virman(1.89) birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egalladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA