Nukusning “Orol” jamoasi Superliga ishtirokchisi
Nukusdagi “Turon” o‘yingohida futbol bo‘yicha O‘zbekiston Proligasining 23 tur o‘yini bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘istonning “Orol” va “Jayxun” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.
O‘yinda o‘z ustunligini ko‘rsatishga harakat qilgan “Orol” jamoasi ko‘plab hujumlar uyushtirdi. Shunday hujumlardan birida “Jayxun” jamoasi o‘yinchisi o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi. Ikkinchi bo‘limda ikki jamoa bosh murabbiylari ham o‘yinga yangi kuchlarni tashladi va shu orqali hisobni o‘zgartirishga harakat qildi. Uchrashuvning 83 daqiqasida “Orol” jamoasining rossiyalik legioneri Mark Krasnov to‘pni raqib darvozasiga aniq yo‘llab, hisobni yanada oshirdi.

O‘tkazilgan ushbu o‘yindan so‘ng Qoraqalpog‘istonning bosh jamoasi 23 uchrashuvda 58 ochko to‘plab, chempionat yakuniga 3 tur qolganda muddatidan oldin Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.
Shu munosabat bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi tabrigida qayd etilganidek, 25 yillik tanaffusdan so‘ng jamoaning Superligaga qaytishi davlatimiz rahbarining jismoniy tarbiya va sportni, shu jumladan millionlar o‘yini hisoblangan futbolni rivojlantirishga qaratayotgan alohida e’tibori va g‘amxo‘rligining samarasidir.
Nukus shahridagi “Turon” o‘yingohini rekonstruksiya qilish ishlari to‘liq yakunlanib, zamonaviy sport infratuzilmasi yaratilgani qo‘lga kiritilgan g‘alabada asosiy omil bo‘ldi. Prezidentimizning yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Nukus shahridagi rekonstruksiya qilingan “Turon” o‘yingohi bilan tanishishi, shu yerda mashg‘ulot o‘tayotgan yosh sportchilar bilan samimiy suhbatlashishi jamoa futbolchilariga yanada kuch-quvvat bag‘ishladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri