Paraosiyo o‘yinlari: Birinchi kun — 23 ta medal va 3 ta yangi rekord!
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida o‘tkazilayotgan V yozgi Paraosiyo o‘yinlarining birinchi kuni O‘zbekiston delegatsiyasi uchun sermahsul bo‘ldi.
Hamyurtlarimiz besh sport turida jami 23 ta medal — 6 ta oltin, 10 ta kumush va 7 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, parasportchilarimiz o‘yinlarning 5 ta sport dasturida — parasuzishda 7 ta, parayengil atletikada 6 ta, paradzyudoda 5 ta, paratekvondoda 4 ta hamda paravelotrekda 1 ta medalga ega chiqdi.
O‘yinlarning parasuzish bahslarida oltin medallar Lolaxon Qodirova (50 metr erkin usul, S5) va Yegor Bolotov (100 metr erkin usul, S13) hisobiga yozildi. Mubinabonu Halilova (100 metr erkin usul, S13), Dmitriy Xorlin (100 metr erkin usul, S12), Dias Mirmanov (200 metr kompleks usul, SM9) hamda Aziz Boynazarov (100 metr batterflyay, S8) kumush medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Muslima Odilova (100 metr erkin usul, S13) bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Parayengil atletikachilarimiz orasida Xusniddin Norbekov (yadro uloqtirish, F35), Mahliyo Akramova (bulava uloqtirish, F32/F51) va Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev (yadro uloqtirish, F37) qit’a o‘yinlarida tengsiz ekanini namoyon etdi. Omadbek Hasanov (uzunlikka sakrash, T47) hamda Tolibboy Yo‘ldoshev (yadro uloqtirish, F37) kumush, Zoxira Qozoqova esa disk uloqtirish (F37/F38) bahsida bronza medal bilan taqdirlandi.

Yakkakurash turlarida ham sportchilarimiz yuqori natijalar ko‘rsatdi. Paradzyudo bahslarida Uljon Amriyeva (-60 kg, J1) va Kemran Nurillayev (-70 kg, J2) kumush, Bonu Babayeva (-52 kg, J1), Fotima Toyirova (-60 kg, J1) va Ibrohim Akbarov (-70 kg, J1) bronza medallariga ega chiqdi.
Paratekvondo bellashuvlarida hamyurtlarimizdan Fayozbek Valiyjonov (-58 kg) hamda Umida Mamarajabova (-52 kg) kumush medal sohibiga aylandi. Karomatoy Rustamova (-52 kg) va Qizlarxon Asomiddinova (-47 kg) esa shohsupaning uchinchi pog‘onasidan o‘rin oldi.


Bundan tashqari, paravelotrek bahslarida Bobur Toshtemirov 3 kilometrlik yakkalik ta’qib poygasida marra chizig‘ini birinchilardan bo‘lib bosib o‘tdi.
Darvoqe, 19-oktabr kungi bellashuvlarda Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev, Lolaxon Qodirova hamda Bobur Toshtemirov o‘z yo‘nalishlarida Paraosiyo o‘yinlarining yangi rekordini o‘rnatdi.
V yozgi Paraosiyo o‘yinlarining birinchi kunidan so‘ng umumjamoa hisobida Xitoy delegatsiyasi 26 ta oltin, 20 ta kumush va 16 ta bronza, jami 62 ta medal bilan peshqadamlik qilmoqda. Mezbonlar esa 8 ta oltin, 6 ta kumush va 13 ta bronza, jami 27 ta medal jamg‘arib ikkinchi o‘rinda bormoqda. O‘zbekiston delegatsiyasi 6 ta oltin, 10 ta kumush va 7 ta bronza, jami 23 ta medal to‘plagan holda kuchli uchlikdan joy olgan.
Shuningdek, Hindiston 4 ta oltin, 5 ta kumush, 2 ta bronza, Qozog‘iston 3 ta oltin, 5 ta kumush, 6 ta bronza, Janubiy Koreya 3 ta oltin, 3 ta kumush, 5 ta bronza, Eron 3 ta oltin, 3 ta kumush, 2 ta bronza, Tailand 1 ta oltin, 7 ta kumush, 4 ta bronza, Indoneziya 1 ta oltin, 1 ta kumush, 8 ta bronza va Mo‘g‘uliston 1 tadan oltin, kumush va bronza medallariga ega chiqib 5-10-o‘rinlarni band etgan.

Musobaqaning dastlabki kunidayoq erishilgan ushbu yuksak natijalar — matonat, yuqori mahorat va tizimli mehnatning amaliy ifodasidir. Ilk qadamdayoq Osiyoning eng kuchli uch jamoasi safidan joy olgan vakillarimiz keyingi bahslarda ham yangi rekordlar hamda oltin medallar bilan xalqimizga g‘alaba va unutilmas lahzalarni ulashishda davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA