“Yedige va Sohibqiron” tarixiy operasining namoyishi o‘tkazildi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan “Yedige va Sohibqiron” tarixiy operasi o‘zining ko‘lami, falsafiy yuksakligi va badiiy jozibasi bilan barchaning e’tirofiga sazovor bo‘ldi.
Aytish kerakki, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektorining tashabbusi bilan “Musiqali teatr rejissyorligi” ta’lim yo‘nalishi bitiruvchilarining diplom ishlari yurtimizning nufuzli teatrlarida namoyish etib kelinmoqda. Quvonarlisi, ushbu monumental asarda ham “Musiqali teatr rejissyorligi” ta’lim yo‘nalishi bitiruvchisi Amirbek Tursunov rejissyor sifatida faoliyat olib bordi.

Namoyishda yurtimizning san’at ixlosmandlari, soha mutaxassislari qatorida institut rektori, professor Nodirbek Sayfullayev ham ishtirok etdi.
Oliy ta’lim dargohida olgan nazariy va amaliy bilimlarini yuksak sahna asarida muvaffaqiyatli tatbiq etgan yosh rejissyorimizning ushbu debyut ishi institut nufuzi hamda pedagoglar salohiyatining amaldagi yorqin isboti bo‘ldi.
Spektakl muvaffaqiyatiga yurtimizning tajribali san’at namoyandalari ulkan hissa qo‘shdi.

Ushbu spektaklni sahnalashtiruvchi rejissyor – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Haydarali Qosimov. Musiqa rahbari va dirijyor – Qoraqalpog‘iston xalq artisti Aida Abdullayeva. Libretto muallifi – Kenesbay Raxmanov. Bosh rassom – Davron Rajabiy.
Yosh rejissyor Amirbek Tursunovning professional mahorat maktabini o‘tashida kurs badiiy rahbari, professor Bahodir Nazarov, institut dotsentlari Eldor Xushvaqtov, Oybek Tohirov hamda san’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori Rahimjon Do‘sanov kabi fidoyi ustozlarning xizmatlari beqiyos bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz.

Asarning musiqiy va vizual mukammalligini ta’minlashda dirijyorlar: O‘zbekiston san’at arbobi, professor Fazliddin Yoqubjanov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Alibek Kabdurahmanov hamda xormeysterlar O‘zbekiston xalq artisti Sulaymon Shodmonov va Natalya Kupriyanova hamda ulkan ijodiy guruh (baletmeysterlar va liboslar bo‘yicha rassomlar) hamjihatlikda mehnat qildi.
Sahna asarida namoyon bo‘lgan buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur va xalq qahramoni Yedige botir o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik, ularning ona- Vatan istiqboli, el tinchligi yo‘lida olib borgan shonli kurashlari vatandoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlod vakillari uchun vatanparvarlikning yuksak namunasi bo‘lib qolaveradi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bitiruvchilarining yirik polotnoli asarga dadil qo‘l urgani va rejissura qonuniyatlarini chuqur his qilgani tomoshabinlar hamda soha mutaxassislari tomonidan yuksak e’tirof etildi.
Namoyish yakunida institut rektori yosh talaba rejissyor bilan suhbat qurar ekan, ushbu spektakl yurtimizda yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi ekanini alohida ta’kidladi. Xususan, yosh bitiruvchining ana shunday nufuzli san’at dargohida o‘z diplom spektaklini sahnalashtirib, keng jamoatchilikka namoyish etayotgani, qolaversa, uning teatr repertuariga kiritilgani katta voqea ekani qayd etildi.
Shuningdek, mazkur yutuq zamirida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024-yil 22-noyabr kuni qabul qilingan “Teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda belgilangan vazifalar, shuningdek, joriy yilning 24-fevral kuni yoshlar bilan muloqotida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosi mujassam ekani alohida e’tirof etildi.
Yosh rejissyor Amirbek Tursunov bitiruvchi-talabalarga yaratilayotgan imkoniyat hamda ushbu sahna asarini yaratishdagi ko‘magi uchun institut rahbariyatiga alohida minnatdorlik bildirdi. Shu bilan birga, bu jarayonda ustozlarining maslahatlari va qo‘llab-quvvatlovi muhim o‘rin tutganini qayd etdi.
N.Usmonova, O‘zA