Muzeyshunoslikda yangi yondashuvlar: mutaxassislar fikr almashdi
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “XXI asrda muzeyshunoslik nazariyasi va muzeylarni boshqarish amaliyotining dolzarb masalalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hamda “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir mamlakatimizda muzeyshunoslik sohasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, muzeylarni boshqarishning innovatsion modellarini takomillashtirish, madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqishga bag‘ishlandi. Unda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, muzey mutaxassislari, tadqiqotchilar, doktorantlar, magistrantlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
[gallery-29410]
Institut rektori Omonulla Salixov tadbirni ochib, muzeyshunoslik sohasini rivojlantirish, madaniy merosni asrab-avaylash va muzeylarni zamonaviy boshqaruv mexanizmlari asosida tashkil etish bugungi kunning muhim vazifalaridan ekanini ta’kidladi. Shuningdek, muzeylarning ta’limiy va ma’rifiy ahamiyati ortib borayotgani qayd etildi.
Anjuman davomida sohaning dolzarb masalalari yuzasidan ilmiy ma’ruzalar tinglandi. Jumladan, muzeyshunoslik nazariyasining rivojlanish tendensiyalari, muzeylarni boshqarishning innovatsion modeli, raqamli transformatsiya, madaniy merosni saqlash va restavratsiya masalalari, muzey pedagogikasi hamda huquqiy-axborot xavfsizligi mavzulari muhokama qilindi.
Ma’ruzalarda muzeylarni raqamlashtirish, virtual muzeylar yaratish va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, xalqaro tajribalardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Anjumanga taqdim etilgan maqolalar Polshaning Index Copernicus, Yevropaning Zenodo va Open Aire xalqaro bazalariga joylashtiriladi, shuningdek, Google Scholar xalqaro qidiruv tizimida indekslanadi. Shu bilan birga, har bir maqolaga alohida DOI raqami berilishi, mualliflarga elektron sertifikatlar, indekslash sertifikati hamda maqolaning indekslangan PDF nusxasi taqdim etilishi ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi. Anjuman materiallari elektron va bosma shaklda nashr qilinishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Tadbir yakunida faol ishtirokchilar sertifikatlar bilan taqdirlandi, esdalik suratlari olindi.
Anjuman muzeyshunoslik sohasida faoliyat yuritayotgan olimlar, amaliyotchi mutaxassislar va yosh tadqiqotchilar uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Kamola Yusupova, O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA