Osiyo xotin-qizlarining II forumi: muloqot maydoni
Ko‘hna va navqiron Buxoro shahrida o‘tayotgan Osiyo xotin-qizlarining II forumi o‘z ishini parallel sessiyalar doirasida davom ettirmoqda. Forum doirasida davlat va jamiyat boshqaruvida ayollar ishtirokini kengaytirish, iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xotin-qizlar imkoniyatlarini oshirish, shuningdek, ijtimoiy himoya va raqamli xavfsizlik masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova, bugungi kunda ayollarning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki mamlakat taraqqiyotining muhim ko‘rsatkichi ekanini ta’kidladi.
–Bugun ayollar jamiyatning yarmini tashkil etadi. Ularning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotdagi faol ishtiroki davlatning real taraqqiyotini belgilaydi. Shu bois xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash — nafaqat inson huquqlarini himoya qilish, balki iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashning muhim omilidir, — dedi u.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash, ayollar huquqlarini himoya qilish va ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi. Xususan, 2020-yildan boshlab tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar hamda bolalarga “himoya orderi” berish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
[gallery-29407]
2021-yilda respublika va hududlarda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tashkil etildi. 2023-yilda esa O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi bo‘lib oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik institutini qonunchilikda belgilab, ushbu holatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni joriy qildi.
Xotin-qizlarning ta’lim olishi va ilm-fan sohasida faoliyat yuritishi uchun ham keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Davlat ilmiy tashkilotlari va oliy ta’lim muassasalari doktoranturasi uchun har yili kamida 300 ta maqsadli kvota ajratilishi belgilangan.
Shuningdek, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ayollar va yosh bolali oilalar uchun muhim ijtimoiy kafolatlar mustahkamlandi. Xususan, homiladorligi yoki farzandi borligi sababli ishdan bo‘shatish taqiqlandi. Homilador ayollar va 3 yoshgacha farzandi bo‘lgan ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
2026-yil 3-mart kuni qabul qilingan Prezidentning PF-33-sonli “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoni esa ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Mazkur hujjatda tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish, davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda jamiyatda murosasiz munosabat muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Farmonga muvofiq, 2026–2027 o‘quv yilidan boshlab homilador talaba-qizlar yoki 3 yoshgacha farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan talabalar uchun “ikkinchi imkoniyat” tamoyili asosida ta’limni qayta davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Shu bilan birga, xalqaro standartlarga muvofiq femitsid, familitsid, stalking, kiberzo‘ravonlik va onlayn-gruming kabi tushunchalarni milliy qonunchilikka joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Ombudsman instituti tomonidan xotin-qizlar murojaatlarini o‘rganish, huquqiy ko‘mak berish va ularning huquqlarini tiklash borasida ham samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2025-yil davomida 11 ta himoya orderi rasmiylashtirilishi, 21 nafar huquqbuzarning javobgarlikka tortilishi, 604 million so‘mdan ortiq aliment mablag‘lari undirilishiga ko‘maklashildi.
Shuningdek, “Tenglik va hurmat” platformasi ishga tushirilib, jamiyatda gender tenglik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga qaratilgan muloqotlar tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi.
2025-yil oktabr oyida Farg‘ona shahrida Ombudsman, Adliya vazirligi hamkorligida “Ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash markazi” — shelter faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Mazkur markaz hozirga qadar zo‘ravonlikka uchragan 16 nafar ayolga boshpana va huquqiy yordam ko‘rsatdi.
Forumda ta’kidlanganidek, xotin-qizlar huquqlarini ta’minlashda xalqaro hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda O‘zbekiston vazirliklar va idoralar BMTTD (UNDP), USAID, YeXHT va “BMT ayollar” kabi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda gender tenglikni ta’minlash, huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish va sohadagi mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha izchil ish olib bormoqda.
Shuningdek, 2030-yilga qadar O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilinib, xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi.
Forum ishtirokchilari ta’kidlaganidek, bu kabi nufuzli xalqaro muloqot maydonlari tajriba almashish, yangi tashabbuslarni ilgari surish va xotin-qizlarning huquqiy, ijtimoiy hamda iqtisodiy manfaatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari