Kitobsevar yoshlar maskani
FOTOREPORTAJ
Nukus shahridagi Respublika bolalar kutubxonasida o‘quvchi va talaba-yoshlarga xizmat ko‘rsatish va kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish borasida samarali ish olib borilmoqda.
Bugungi kunda kutubxonaning umumiy kitob fondi 79 ming 763 donani tashkil etadi. Shundan 63 ming 159 tasi badiiy va bolalar adabiyoti, 10 ming 348 tasi ilmiy-ommabop, 1 ming 131 tasi pedagogika, qolganlari esa turli – rus, qozoq, qoraqalpoq, o‘zbek, ingliz tillari yo‘nalishidagi adabiyotlarni tashkil etadi.
[gallery-29419]
O‘tgan 2025-yilda kutubxonaga 2 ming 518 dona yangi kitob olingan va 11 ming 21 nafar o‘quvchi kutubxona xizmatidan foydalangan. Bundan tashqari yosh kitobxonlarga masofadan xizmat ko‘rsatish maqsadida internet tarmog‘ida https://t.me/virtual_kitapxana telegram kanali tashkil qilinib, o‘quvchilarni qiziqtiradigan kitoblarning elektron variantlari joylashtirib borilmoqda.
Shuningdek, kutubxonada yosh kitobsevarlar o‘rtasida turli ijodiy ko‘rik-tanlovlar, madaniy tadbirlarni o‘tkazib borish yaxshi an’anaga aylangan. Yaqinda ana shunday tadbirlardan biri – taniqli adiblar Ibroyim Yusupov va Tulepbergen Qayipbergenovlarning tavallud kuniga bag‘ishlab “Qoraqalpoq adabiyotining ikki yirik siymosi” nomli adabiy kecha o‘tkazildi. Unda buyuk siymolarning hayoti va boy ijodiy merosi o‘quvchi-yoshlarga tanishtirildi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA