Yaxshilar xotirasi abadiy qolur
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Burch, jasorat, matonat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir doirasida Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, yuridik fanlar doktori, professor Matrasul Sobirov nomidagi auditoriyaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Ushbu auditoriyaning tashkil etilishi ustozning favqulodda vaziyatlar tizimini rivojlantirish, ilm-fan taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshish hamda yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash yoʻlidagi samarali va fidokorona xizmatlariga koʻrsatilgan yuksak ehtirom namunasi boʻldi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar tomonidan Matrasul Sobirovning koʻp yillik samarali faoliyati, favqulodda vaziyatlar tizimi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik va fidoyilik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ilmiy-pedagogik salohiyatni yuksaltirish borasidagi xizmatlari alohida eʼtirof etildi.

Taʼkidlanganidek, xalqimiz azaldan inson qadrini ulugʻlash, oʻtganlarni yod etish va ularning ezgu nomini eʼzozlashni oliy qadriyat sifatida qadrlab keladi. Ayniqsa, yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi va mamlakat ravnaqi yoʻlida fidokorona xizmat qilgan insonlarning hayoti va faoliyatini yosh avlodga ibrat sifatida targʻib etish bugungi davrning muhim maʼnaviy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Tadbir davomida Vatan himoyasi, yurt osoyishtaligi yoʻlida xizmat qilgan insonlarning yorqin xotirasi chuqur hurmat va ehtirom bilan yod etildi. Ularning jasorati, matonati va fidoyiligi yoshlar uchun chinakam mardlik va vatanparvarlik maktabi ekani alohida taʼkidlandi.
Tadbir dasturiga muvofiq, Vatanga muhabbat, inson qadrini ulugʻlash, sadoqat, jasorat va fidoyilik gʻoyalarini tarannum etuvchi sahna koʻrinishlari, badiiy kompozitsiyalar hamda musiqiy chiqishlar namoyish etildi.
Gulnoza Boboyeva, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA