“Kam bo‘lmasin” degan xalqning qimmatga tushayotgan odati
To‘y… Aslida bu so‘zning o‘zida qandaydir o‘zgacha nur bor. Ota-onaning duosi, ikki qalbning bir-biriga ishonchi, yangi hayotning ilk qadami, bir qizning oq libosga burkangan orzulari va bir yigitning “endi men oilaliman” degan mas’uliyati bor unda.
Ammo bugun ayrim to‘ylarga qarab insonning yuragi g‘ash tortadi. Negadir baxt kamayib, dabdaba ko‘payib ketgandek. To‘ylar ikki yoshning hayotidagi eng go‘zal kun emas, jamiyat oldida topshiriladigan “imtihon”dek go‘yo. Ushbu imtihon markazida “odamlardan kam bo‘lmaslik” uchun sovurilgan millionlar, bir kunlik havas deb yillar davomida to‘lanadigan qarzlar yotibdi. Eng achinarlisi, bularning bari “orzu-havas” degan chiroyli niqob ortiga yashirinib olgan.
O‘zbek xalqi azaldan marosimlarga boy xalq. Nikoh, sunnat, beshik to‘yi kabi qadriyatlar xalqning madaniy xotirasi, oilaviy birdamligi va jamiyatdagi mehr-oqibat tushunchalarini ifodalab kelgan. Aslida har bir urf-odatning zamirida ma’no, tarbiya va insoniy qadriyat mujassam bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan ayrim udumlar mazmunini yo‘qotib, shaklbozlik, dabdaba va ijtimoiy bosim vositasiga aylana boshladi.
Jamiyatda ko‘pchilik tilga olishga uyaladigan, ammo ich-ichidan his qiladigan bir haqiqat bor: o‘zbek to‘ylaridagi ayrim urf-odatlar allaqachon qoliplashtirilishi, tartibga solinishi, hatto ba’zi bachkana ko‘rinishlari asta-sekin yo‘qolishi kerak bo‘lgan darajaga yetdi.
To‘yning asl mohiyati ikki insonning nikoh orqali oila qurishi va yangi hayot boshlashidan iborat. Ammo ba’zi hollarda to‘y kim o‘zarga aylanishi natijasida mazmun ikkinchi o‘ringa tushib qolmoqda. Ba’zilar ortiqcha dabdabani “orzu-havas” bilan oqlaydi. Aslida esa bu tushuncha ko‘p hollarda ijtimoiy bosimning yumshoq shakliga aylanib qolgan. Misol uchun, yuzlab mehmonlar va qudalar orasida o‘nlab tog‘oralar oldi-berdisi-yu dabdabali kortejlarning hammasi yosh oilaning kelajagiga emas, bir kunlik taassurotga xizmat qiladi.
So‘nggi yillarda ayrim to‘ylar tabiiylikdan tobora uzoqlashmoqda. Videooperatorning har bir harakatni boshqarishi, sun’iy sahnalar, oldindan o‘rgatilgan kulgular, majburiy raqslarning barchasi to‘yni samimiy marosimdan ko‘ra spektaklga o‘xshatmoqda.
Ayniqsa, kelin-kuyovning maxsus raqsi vaqtida kuzatiladigan ayrim holatlar jamiyat didining qanchalik o‘zgarib ketganini ko‘rsatadi. Ba’zi to‘ylarda kuyov jo‘ralarning kelin-kuyov atrofida bachkana harakatlar bilan aylanishi, keraksiz qiyqiriqlar, raqsni hurmatsiz tomoshaga aylantirishi juda xunuk manzarani yuzaga chiqarmoqda. Natijada esa to‘y madaniyatni emas, bachkanalikni targ‘ib qilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘zbek to‘ylariga oid videolavhalar millionlab ko‘rilmoqda. Afsuski, bu lavhalar faqatgina go‘zal manzaralardan iborat emas. Bir yoqda kelin va kuyov valsi atrofida “oqqush” raqsini ijro etayotgan kuyov jo‘ralar bo‘lsa, boshqa tomonda to‘ydagi raqqosani o‘rab olgan bir to‘da mast erkaklar…
To‘ydan ikki kun avval dabdabali studiyalarda tashkil etiladigan “Marry me” marosimlari endi odatiy holga aylanib ulgurdi. Oradan ko‘p o‘tmay esa navbat qizlarning “pijama party”lariga keladi. Bir paytlar faqat qudalar o‘rtasida behuda almashinadigan tog‘oralar, qimmatbaho sarpolar va mebellar sabab yuzaga keladigan ortiqcha xarajatlar muhokama qilinar edi. Endilikda esa g‘arbdan kirib kelgan va “o‘zbekchalashtirilgan” yangi udumlar ham to‘y atalmish marosimning keraksiz “an’analari” qatorini yanada kengaytirmoqda.
Aslida to‘ylardagi dabdababozlik va ortiqcha xarajatlar masalasi bugunning muammosi emas. Asrlar avval ham bu illatlar xalqning nafaqat maishiy hayotiga, balki ijtimoiy taraqqiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatgani haqida jadid ma’rifatparvari Mahmudxo‘ja Behbudiy kuyinib yozgan edi: “To‘y va ta’ziyaga sarf qilinaturg‘on oqchalarimizni biz turoniylar ilm va din yo‘liga sarf etsak, anqarib o‘vrupoyilaridek taraqqiy etarmiz va o‘zimizdan obro‘ va rivoj toparmiz. Yo‘q, hozirgi holimizda davom etsak, din va dunyog‘a zillat va miskinatdan boshqa nasibamiz bo‘lmaydir”.
Oradan bir asrdan ortiq vaqt o‘tdi. Zamon o‘zgardi, shakllar yangilandi, biroq mohiyat deyarli o‘sha-o‘sha qolmoqda. Faqat bugungi dabdabaning ko‘rinishi boshqacha, xolos.
Bugun to‘y haqida mulohaza yuritar ekanmiz, eng muhim savol: shu bazmning haqiqiy qahramonlari bo‘lgan yoshlarning o‘zi to‘ylarini rostdan ham shu tarzda o‘tkazishni qanchalik xohlaydi? Yoki ular ham jamiyatdagi bosim qurboniga aylanib bormoqdami?
Hozirgi yoshlarning to‘y haqidagi qarashlari “Baby bumer” va “X” avloddan ancha farq qiladi. Ayniqsa, internet, global tafakkur va iqtisodiy mustaqillik haqidagi tushunchalar kuchaygani sari yoshlar to‘yga “eng katta maqsad” emas, “hayotning bir kuni” sifatida qaray boshlamoqda. Ammo jamiyatdagi eski qarashlar bilan yangi avlod tafakkuri o‘rtasida jiddiy qarama-qarshilik ham yuzaga kelmoqda.
Ko‘pchilik yoshlar bugun dabdabali to‘ydan ko‘ra, keyingi tinch va barqaror hayot, ta’lim, sayohatni va moliyaviy erkinlikni muhimroq deb biladi. Chunki ular bir kunlik dabdaba umr bo‘yi baxt kafolati emasligini tushunishmoqda.
Ba’zi yoshlar to‘ylardagi ortiqcha sarpo, dabdabali kortej, majburiy udumlar uchun qilinadigan xarajatlarni zamonga mos emas deb hisoblaydi. Ammo muammo shundaki, ular xohlagan oddiy to‘yni qilish har doim ham oson emas. Sababi ota-onalar, qarindoshlar va jamiyat bosimi ko‘plab yoshlarni o‘z istagidan voz kechishga majbur qiladi. Natijada oddiylikni istagan yoshlar ham dabdabali to‘y qilishga majbur bo‘ladi.
Ayrim yoshlar esa umuman yangi madaniyatni shakllantirish tarafdori. Ular ixcham to‘y, ortiqcha marosimlarsiz nikoh va kichik yaqinlar davrasini afzal ko‘rishmoqda va to‘ylarini ham shunga muvofiq tarzda o‘tkazishyapti.
Lekin boshqa qatlam ham bor. Ijtimoiy tarmoqlar ta’sirida ayrim yoshlar uchun to‘y bugun “kontent”ga aylanib bormoqda. Kimning videosi chiroyliroq, kimning to‘yi trend bo‘ladi, kimning korteji hashamatliroq kabi masalalar ham ba’zi yoshlar ongiga ta’sir qilmoqda.
Shu sabab bugun barchani bir xil fikrda deyish qiyin. Ammo umumiy xulosa shuki, yangi avlod asta-sekin dabdabadan ko‘ra mazmunga ergashmoqda. Ehtimol, aynan hozirgi yoshlar kelajakda o‘zbek to‘ylarining shaklini o‘zgartiradigan avlod bo‘lishi mumkin.
To‘y va undagi katta orzu-havaslarni amalga oshirish barchaga birdek oson ish emas. Bu holatda o‘rta qatlam aholi yillar davomida mehnat qilib pul yig‘ish, shaxsiy mulki hisoblangan qimmatbaho buyumlarni sotish yoki yillar davomida kredit to‘lashga majbur bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-sentabrdagi 589-sonli qarori jamiyatdagi aynan mana shunday muammolarni kamaytirishga qaratilgan muhim ijtimoiy qaror sifatida baholanishi mumkin.
“Oqilona iste’mol” dasturi doirasida qabul qilingan ushbu qaror orqali davlat ortiqcha isrofning oldini olish, oilalarni iqtisodiy bosimdan himoya qilish va keraksiz rasm-rusumlarni qisqartirishni maqsad qilgan. Qarorga ko‘ra, “kuyov navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi” kabi ortiqcha xarajat talab qiluvchi urf-odatlar taqiqlandi.
Bu qarorning eng muhim jihati shundaki, u milliy qadriyatlarga qarshi emas. Aksincha, qadriyat nomi ostida shakllanib qolgan isrofgarchilikni tugatishga qaratilgan. Chunki har qanday urf-odat inson manfaatiga xizmat qilib ma’naviy mazmun bersagina qadriyatga aylanadi. Ammo insonni qarzga botiradigan, ruhiy bosimga soladigan va jamiyatda tengsiz muhit yaratadigan odatlar vaqt o‘tishi bilan muammo keltirib chiqarishi tabiiy.
Bir narsani tan olish vaqti allaqachon keldi. Bugungi o‘zbek jamiyatida to‘ylar asta-sekin oilaviy baxt bayramidan uzoqlashib, ijtimoiy musobaqa va dabdaba namoyishiga aylanib bormoqda. Eng achinarlisi, bu kecha yoki bugun paydo bo‘lgan muammo emas. Ammo oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, muammo hanuz dolzarbligicha qolmoqda. “Qirq tog‘oraning qirq nog‘orasi” haqida bot-bot va’zlar qilinadi, dabdabaga qarshi fikrlar aytiladi, biroq odamlarning tafakkuri o‘zgarmasa, bu chaqiriqlarning bari havoga sovrilib ketaveradi.
Chunki o‘zgarish jamiyatdan emas, avvalo insonning o‘zidan boshlanadi. To‘y kimnidir hayratda qoldirish uchun emas, ikki insonning baxtini nishonlash uchun o‘tkazilishi kerakligini anglash vaqti keldi. Zero, bugungi ortiqcha dabdabozlik va ma’nosiz rasm-rusumlarni “an’ana” nomi bilan davom ettirish kelajak avlodni ham shu tarzda yashashga majbur qiladi. Vaholanki, biz farzandlarimizga “ko‘z-ko‘z qilish madaniyati”ni emas, ongli tanlov bilan yashash, me’yor va samimiyatni meros qoldirishimiz kerak.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA