Toshkent viloyatining eng yaxshi tarbiyachilari
Toshkent viloyatida maktabgacha ta’lim tizimi pedagoglarining kasbiy salohiyatini namoyon etuvchi “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi yakuniga yetdi.
Uch kun davom etgan tanlovning test bosqichida yuqori natija qayd etgan tarbiyachilar, direktor o‘rinbosarlari hamda tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limlarining bosh metodistlari ishtirok etib, o‘z bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazdi.

Zangiota tumanidagi 14-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan bilimlar sinovi jarayonlari qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Shu bilan birga, ishtirokchilar zamonaviy ta’lim metodikalari, innovatsion yondashuvlar, bolalar bilan ishlash mahorati hamda ijodiy loyihalari bilan hakamlar e’tiborini qozondi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining eng faol, tashabbuskor va bilimli pedagoglari orasidan g‘oliblar aniqlandi.

Jumladan, “Eng namunali direktor o‘rinbosari” nominatsiyasiga Toshkent tumanidagi 20-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori o‘rinbosari Shahnoza Mirxalilova loyiq ko‘rildi. “Eng yaxshi o‘yin orqali ta’lim beruvchi tarbiyachi” nominatsiyasida esa Qibray tumanidagi 42-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Sayyora Tursunova munosib topildi.

“Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi” nominatsiyasida Zangiota tumanidagi 20-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Nilufar Mashrabboyeva, “Eng yaxshi eko-targ‘ibotchi tarbiyachi” yo‘nalishida Qibray tumanidagi 11-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Maftuna Xudoynazarovalar g‘olib bo‘ldi.
Shuningdek, qolgan boshqa yo‘nalishlarda ham g‘oliblar saralandi va ular tanlovning respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Tantanali taqdirlash marosimida Toshkent viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Shukur Burxonov ishtirok etib, sohada samarali mehnat qilib kelayotgan pedagoglarni samimiy muborakbod etdi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan tarbiyachilarning bilim va salohiyati kelajak avlod tarbiyasida muhim o‘rin tutadi. Shu bois, bunday tanlovlar pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va sohada sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlarga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Musayev, O‘zA