Yaponiya kompaniyalari O‘zbekiston uy-joy boshqaruviga sarmoya kiritishga qiziqmoqda
O‘zbekistonda ko‘p qavatli uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish, zamonaviy servis xizmatlarini joriy etish hamda sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda. Bu borada Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muzokaralar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva Yaponiyaning Agnostri, Hamaya, Aria Investment Trust, Serious Pro Support, Granasset hamda Global Silk Road kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda ko‘p qavatli uylarni boshqarish tizimini rivojlantirish, sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, boshqaruv kompaniyalari faoliyatini takomillashtirish hamda aholi uchun zamonaviy servis xizmatlarini kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, yapon investorlari bugungi kunda aholi roziligi asosida Xorazm viloyatidagi 50 ga yaqin boshqaruvsiz ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatish, ularni kompleks kapital ta’mirlash hamda zamonaviy boshqaruv va servis tizimini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlab yuborgan.

Shuningdek, Yaponiya kompaniyalari vakillari Toshkent shahridagi boshqaruvsiz ko‘p qavatli uylarni boshqaruvga olish, uy-joy fondini boshqarishda Yaponiyaning ilg‘or tajribasi, raqamli boshqaruv texnologiyalari, zamonaviy texnik yechimlar va yuqori sifatli servis xizmatlarini joriy etish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.
Ozoda Jo‘rayeva ta’kidlaganidek, Yaponiya kompaniyalarining O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirishi mamlakatimizda ko‘p qavatli uylarni boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilayotganini anglatadi.
– Investitsiyalar, ilg‘or texnologiyalar va yuqori sifatli servis xizmatlarini jalb qilish orqali sohaning raqobatbardoshligini yanada oshirishni maqsad qilganmiz, – dedi O.Jo‘rayeva. – Muzokaralar chog‘ida xorijiy boshqaruv kompaniyalarining mamlakatimizda faoliyat yuritish tartibi, ko‘p qavatli uylarni boshqaruvga biriktirish mexanizmlari, boshqaruv tashkilotlari faoliyatiga qo‘yiladigan talablar ham muhokama qilindi.

Tomonlar ko‘p qavatli uy-joy fondini boshqarish sohasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish, istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
So‘nggi yillarda ko‘p qavatli uylarni boshqarish tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar sohaga xorijiy investorlar qiziqishini kuchaytirmoqda. Yaponiya kabi texnologiya va boshqaruv madaniyati yuqori darajada rivojlangan davlat kompaniyalarining ushbu bozorga kirib kelishi nafaqat investitsiyalar hajmini oshiradi, balki uy-joy fondini boshqarishda yangi yondashuvlar, raqamli yechimlar va aholi uchun sifatli servis xizmatlarini keng joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aholining kommunal xizmatlardan qoniqish darajasini oshirish va uy-joy infratuzilmasini yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘ladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA