Ombudsman ko‘magida fuqaroga 60 million so‘mga yaqin ish haqi va kompensatsiya undirildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga fuqaro murojaat qilib, xususiy korxonalardan birida ekskavator mashinisti lavozimida ishlab kelgani, biroq 2025-yil yanvar-may oylari uchun ish haqi va mehnat shartnomasi bekor qilinganda to‘lanishi lozim bo‘lgan hisob-kitob mablag‘lari to‘lab berilmaganini ma’lum qilgan.
Murojaat Ombudsman tomonidan nazoratga olinib, belgilangan tartibda mas’ul xodim tomonidan o‘rganildi.
O‘rganish davomida fuqaro 2024-yil oktabr oyidan 2025-yil may oyiga qadar mazkur korxonada ishlagani, mehnat shartnomasi bekor qilinganidan so‘ng unga 2025-yil yanvar-may oylari uchun ish haqi hamda foydalanilmagan mehnat ta’tili uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan mablag‘lar hisob-kitob qilinmagani ma’lum bo‘ldi.
Ishga oid hujjatlar o‘rganilganda, ish beruvchining qarzdorligini tasdiqlovchi hujjatlar murojaatchida mavjud emasligi aniqlandi.
Shu sababli, Ombudsman mas’ul xodimlari fuqarolik protsessual qonunchiligida elektron ma’lumotlar ish uchun ahamiyatga ega holatlarni tasdiqlovchi raqamli dalil sifatida e’tirof etilishini inobatga olib, xodim va korxona buxgalteriyasi o‘rtasidagi ish haqi qarzdorligiga oid Telegram yozishmalarini da’vo materiallariga kiritish zarur deb topdi.
Shundan so‘ng Ombudsman tomonidan fuqaro manfaatida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi. Da’vo arizasida mazkur yozishmalarni raqamli dalil sifatida inobatga olish ham so‘raldi.
Sudning hal qiluv qaroriga asosan fuqaro foydasiga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hamda ma’naviy zarar – jami 59 million 303 ming so‘m undirilishi belgilandi.
Qayd etish lozimki, mehnat qonunchiligiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga tegishli barcha to‘lovlar belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshirilishi shart.
N.Abduraimova, O‘zA