Tibbiyot xodimlari “Zakovat”da bellashdi
Boyovut tumanida tibbiyot xodimlarining intellektual salohiyatini yuksaltirish, ularning bilim va dunyoqarashini boyitish, jamoalar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-yanvardagi “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash doirasida Boyovut tuman tibbiyot birlashmasi hamda kasaba uyushmasi hamkorligida o‘tkazildi.


Yoshlar markazida tashkil etilgan intellektual bellashuvda tuman tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlaridan jami 17 ta jamoa ishtirok etdi. Ikki bosqichda tashkil etilgan bahslarda ishtirokchilar 24 ta mantiqiy, tahliliy va qiziqarli savol orqali o‘z bilimlari, tezkor fikrlash qobiliyati hamda jamoaviy hamjihatligini namoyon etdilar.


Qizg‘in va murosasiz kechgan intellektual bahslar yakuniga ko‘ra, 1-o‘rinni 9-sonli oilaviy poliklinika tibbiyot xodimlari qo‘lga kiritdi. Bo‘ston oilaviy shifokorlik punkti jamoasi 2-o‘ringa munosib deb topildi. Ozodlik oilaviy shifokorlik punkti jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi.
Tadbir yakunida g‘olib jamoalar hamda faol ishtirokchilar Boyovut tuman tibbiyot birlashmasi va kasaba uyushmasi tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.


— Bunday intellektual bellashuvlar tibbiyot xodimlarining kasbiy faoliyati bilan bir qatorda ularning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini yuksaltirish, kitobxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda jamoada o‘zaro hamjihatlik va sog‘lom raqobat muhitini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi,—deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Xudoyberdi G‘aniyev.

Eng muhimi mazkur intellektual o‘yin yana bir bor shifokor va tibbiyot xodimlari nafaqat o‘z kasbining yetuk mutaxassislari, balki yuksak bilim va keng dunyoqarash egalari ekanini namoyon etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri