O‘zbekiston aeroportlari yangi o‘sish bosqichiga chiqmoqda
2026-yilning birinchi yarmi yakunlari O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasi sohasida barqaror o‘sish sur’atlari saqlanayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Yilning dastlabki olti oyida mamlakat aeroportlari orqali 8,15 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgani, reyslar soni va yuk tashish hajmining ham sezilarli oshgani mamlakatda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida mamlakat aeroportlari tomonidan 64 ming 831 ta reysga xizmat ko‘rsatildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 foizga ko‘p. Yo‘lovchilar soni esa 8 million 153 ming nafarga yetib, 16 foizlik o‘sish qayd etildi. Ayniqsa, yuk va pochta tashish hajmining 33 foizga oshib, 51,5 ming tonnaga yetgani mamlakatning xalqaro logistika zanjirlaridagi o‘rni mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.
Yo‘lovchilarning qariyb 82 foizi xalqaro reyslar hissasiga to‘g‘ri kelgani O‘zbekistonning tashqi dunyo bilan transport aloqalari kengayib borayotganini anglatadi.
Xususan, Toshkent xalqaro aeroportiga China Eastern, Asiana Airlines va Shirak Avia kabi aviakompaniyalarning parvozlarni yo‘lga qo‘yishi mamlakat aviatsiya bozorida raqobat muhitini yanada kuchaytirdi.
Eng katta yuklama an’anaviy ravishda Toshkent xalqaro aeroporti hissasiga to‘g‘ri keldi. Mamlakatda amalga oshirilgan har uch reysning ikki qismi aynan poytaxt aeroporti orqali bajarildi. Yo‘lovchilarning ham qariyb 66 foizi Toshkent aeroporti xizmatlaridan foydalangan.
Hisobotning eng e’tiborli jihatlaridan biri — hududiy aeroportlarda kuzatilayotgan o‘sish. Ayniqsa, Andijon aeroportida yo‘lovchilar oqimi 234 foizga oshgani mamlakatda amalga oshirilayotgan infratuzilmaviy yangilanishlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
Albatta, bu yuqori o‘sish rekonstruksiyadan keyin aeroportning qayta ishga tushirilishi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, modernizatsiya natijasida keng fyuzelyajli samolyotlarni qabul qilish imkoniyati yaratilgani kelgusida ham barqaror o‘sish uchun mustahkam asos bo‘ladi.
Termiz, Urganch va Nukus aeroportlarida ham yuqori o‘sish qayd etildi. Bu esa mamlakatda ichki turizm va xalqaro sayohatlarga bo‘lgan talabning oshib borayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, yangi xalqaro reyslarning ochilishi hududlarning iqtisodiy va turistik jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Farg‘ona, Namangan, Qarshi va Navoiy aeroportlarida ayrim ko‘rsatkichlar pasaygan bo‘lsa-da, bu umumiy inqiroz emas. Mutaxassislar bunday holatni yo‘nalishlar tarmog‘ining qayta shakllanishi, ayrim reyslarga talab o‘zgarishi va xalqaro geosiyosiy vaziyat ta’sirida aviakompaniyalarning marshrutlarini qayta ko‘rib chiqishi bilan izohlamoqda.
Aeroportlar faoliyatidagi o‘sish nafaqat transport sohasidagi muvaffaqiyat, balki iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun ham muhim ko‘rsatkich hisoblanadi. Yo‘lovchilar sonining ortishi mamlakatga kelayotgan turistlar, investorlar va biznes vakillari oqimining ham ko‘payib borayotganini anglatadi.
Yuk tashish hajmining 33 foizga oshishi tashqi savdo, eksport-import operatsiyalari hamda elektron tijorat rivojlanayotganidan dalolat beradi. Bu esa mamlakatning xalqaro transport-logistika markaziga aylanish bo‘yicha belgilangan maqsadlariga mos keladi.
2026-yilning birinchi yarmi natijalari O‘zbekiston aviatsiya sohasida sifat jihatidan yangi bosqich boshlanganini ko‘rsatmoqda. Yangi aviayo‘nalishlar, rekonstruksiya qilingan aeroportlar, xalqaro hamkorlikning kengayishi va yo‘lovchilar oqimining barqaror o‘sishi mamlakatning transport tizimi izchil rivojlanayotganini tasdiqlaydi.
Kelgusida hududiy aeroportlarni modernizatsiya qilishni davom ettirish, yangi xalqaro aviakompaniyalarni jalb etish, tranzit salohiyatini kuchaytirish va raqamli xizmatlarni keng joriy etish orqali O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yetakchi aviatsiya va logistika markazlaridan biriga aylanishi uchun barcha imkoniyatlar mavjud.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA