Yangi Toshkentdagi loyihalarda O‘zLiDePning vazifalari
Yangi Toshkentni bunyod etish jarayonida tadbirkorlik sub’ektlarining ishtiroki muhim o‘rin tutadi. Shu bois, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, hududning investitsiyaviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish alohida ahamiyatga ega.
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan Yangi Toshkentni zamonaviy biznes va innovatsiyalar markaziga aylantirish jarayonida tadbirkorlar va investorlarni qo‘llab-quvvatlash, partiyaning ushbu yo‘nalishdagi ishtirokini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ayni jihatlar muhokama qilindi.
Jumladan, yig‘ilishda Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, tadbirkorlik uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilashda partiyaning vazifalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Yangi Toshkent nafaqat zamonaviy infratuzilmaga ega shahar, balki tadbirkorlik, innovatsiyalar, ta’lim, tibbiyot va xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlangan yangi iqtisodiy markaz bo‘lishi kerak. Shu bois, O‘zLiDeP tomonidan tashkil etilayotgan loyihalar doirasida tadbirkorlar va investorlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ularning taklif va tashabbuslarini o‘rganish, mavjud muammolarga amaliy yechim topishga alohida e’tibor qaratiladi.
Yig‘ilishda ushbu vazifalarni tizimli tashkil etish maqsadida partiya deputatlari, faollari va hududiy kengashlar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzish, shtab faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqildi. Shuningdek, investorlar bilan manzilli ishlash, tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqotlar tashkil etish va ularning murojaatlarini o‘rganish, muammolarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal qilishga qaratilgan ish rejasi belgilab olindi.
Bundan tashqari, tadbirkorlar va investorlar bilan muloqotni yanada kengaytirish uchun partiyaning raqamli platformasini yaratish, aholi va biznes vakillarining faolligini oshirish maqsadida “Yangi Toshkent — o‘zimizniki” shiori ostida chellenjlar va targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish rejalashtirildi.
M.Komilova,
O‘zA