Bemor bolalar Germaniyada davolanadi
Samarqand viloyati ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida Navoiy, Jizzax, Xorazm va Samarqand viloyatlarida yashovchi 90 nafardan ortiq bemor bola Germaniya klinikalarida davolanish uchun ko‘rikdan o‘tkazildi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Germaniyaning “Friedensdorf International” tashkiloti o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan mazkur loyiha tug‘ma ortopedik patologiyalar, yuz-jag‘ sohasidagi nuqsonlar hamda kuyish oqibatlaridan aziyat chekayotgan bolalarda murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishni nazarda tutadi.
Xususan, 2003-2025-yillar davomida germaniyalik mutaxassislar tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, xorijda jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga zarurati bo‘lgan 447 nafar bola Germaniyaga olib borilib, davolangan.
– Bemor bolalarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani yoki asosiy davolash kursi yakunlangani bilan ularga yordam to‘xtab qolmaydi, – deydi “Friedensdorf International” tashkiloti vakili Raissa Liza. – Uzoq muddat davolanayotgan bolalar uchun “Sog‘lom avlod uchun” fondi orqali har yili zarur dori vositalari yuboramiz. O‘zbekistonga kelganimizda salomatligidan xabardor bo‘lamiz.
Hamkorlik doirasida tug‘ma yurak nuqsonlari bilan tug‘ilgan bolalarga ham zarur yordam ko‘rsatilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2009-2023-yillar davomida tegishli dasturlar asosida O‘zbekistonda va xorijda ushbu tashxis bilan yashovchi 1360 nafar bemorda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri