“Ikki dunyo bir qadam” — tomoshabinni mushohadaga chorlaydi
Namangan viloyat musiqali drama teatrida dramaturg Ilhom O‘rmon qalamiga mansub “Ikki dunyo bir qadam” dramasi asosidagi spektakl namoyish etilmoqda. Asarda inson taqdiri, muhabbat va ishonch, oilaviy munosabatlar, shuningdek, o‘z xatolarini anglash va ular uchun mas’uliyatni his etish kabi mavzular badiiy talqin etilgan.
Spektakl voqealari markazida hayot sinovlari qarshisida qolgan Hamida obrazi turadi. Uning kechinmalari orqali insonning o‘z taqdiri, muhabbati va kelajagi uchun kurashi, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish mas’uliyati ochib beriladi. Hamida obrazini aktrisa R. Rejabboyeva ijro etgan.
N. Islomov gavdalantirgan Tolib obrazi orqali muhabbat va sadoqat, so‘z va amal o‘rtasidagi ziddiyatlar namoyon bo‘ladi. Qahramonlarning o‘zaro munosabatlari tomoshabinni ishonchni asrab qolish, vafo va mas’uliyatning inson hayotidagi o‘rni haqida o‘ylashga undaydi.
R. G‘aybullayev ijrosidagi Davron va A. Karimova gavdalantirgan Ozoda obrazlari ham voqealar rivojida muhim o‘rin tutadi. Ularning xatti-harakatlari va boshqa qahramonlar bilan munosabatlari asardagi ziddiyatlarning ochilishiga, inson tanlovi va uning oqibatlari haqidagi g‘oyaning chuqurlashishiga xizmat qiladi.
Spektaklda oila, ota-ona mehri, ishonch va kechirim mavzulariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Qahramonlarning taqdiri orqali insonning his-tuyg‘ulari, qarorlari va mas’uliyati bir-biri bilan uzviy bog‘liq ekani ko‘rsatiladi.
Asarning asosiy g‘oyasi inson o‘z xatolarini anglashi, haqiqatni tan olishi va hayotini o‘zgartirish uchun jasorat topishida namoyon bo‘ladi. Spektakl tomoshabinni qahramonlar xatti-harakatlariga baho berish bilan cheklanmay, ularning sabablari va inson qalbidagi murakkab kechinmalar haqida mushohada yuritishga chorlaydi.
[gallery-31947]
Drama nomida mujassam bo‘lgan falsafiy mazmun ham birgina qaror inson hayotida keskin burilish yasashi mumkinligini anglatadi. Ba’zan ana shu qadam haqiqatni anglash, ishonchni tiklash va kechirimga erishish yo‘lida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA