Giyohvandlikka qarshi kurashishga qaratilgan seminar
Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, Bojxona qo‘mitasi hamda Sergeli tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamkorligida “Inson qadri ulug‘, mehr muqaddas!” shiori ostida seminar tashkil etildi.
Unda giyohvandlikka qarshi kurashish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish hamda o‘z joniga qasd qilish holatlariga barham berish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda xotin-qizlar o‘rtasida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi. Qayd etilganidek, ushbu yo‘nalishda tegishli tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlarda giyohvandlik jirkanch jinoyat ekanligi tushuntirilib, aholining huquqiy madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ta’kidlanganidek, giyohvandlik oxir-oqibatda insonning hayoti va sog‘ligiga zarar keltiradi. Bu illat nafaqat insonning o‘ziga, balki uning oilasi, farzandlari va jamiyat hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, yomon odatlardan yiroq bo‘lish, salomatlikni asrash, ma’naviy yuksaklikni oshirish lozimligi alohida qayd etildi.

Muhokamalarda bu kabi zararli odatlarning oldini olish, xotin-qizlarni turli tahdid va xavf-xatarlardan himoya qilish, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarini barvaqt aniqlashda idoralararo hamkorlikning ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tildi.
Tadbirda tashkilot va idoralar vakillari, mahalla xotin-qizlar faollari, “Oqila ayollar” harakati a’zolari sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, mavjud muammolarni bartaraf etish, profilaktik ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi.

Seminarda faol ishtirok etgan hamda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish, giyohvandlikka qarshi kurashish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan ishtirokchilar alohida e’tirof etildi.
M.Komilova,
O‘zA