GPS chiqindi xizmatini nazorat qiladi: Aholiga ortiqcha to‘lovlar qaytariladi
Mamlakatda chiqindi tashish xizmatlari nazorati yangi bosqichga chiqdi. Endi GPS orqali mashinalar harakati kuzatilib, ko‘rsatilmagan xizmat uchun aholi to‘lov qilishdan ozod etiladi.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, endilikda chiqindi tashuvchi mashinalarning harakati GPS orqali kuzatilib, murojaatlar asosida ularning qaysi hududga qachon kirgani va u yerda qancha vaqt bo‘lganini tekshirish imkoniyati yaratildi. Demak, xizmat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, buning uchun aholi to‘lov qilishi shart emas.
Mamlakatimizda 102 ta sanitar tozalash korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ular respublikaning 208 ta shahar va tumanida qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatadi. Belgilangan tartibga asosan, shaharlardagi maxsus chiqindi to‘plash shoxobchalari va ko‘p qavatli uylar yaqinidagi maydonchalarda to‘plangan chiqindilar har kuni olib chiqilishi kerak. Mahallalardagi yakka tartibdagi uy-joylardan esa chiqindilar signal usulida kamida uch kunda bir marta olib ketilishi belgilangan. Biroq, tegishli jadvalning mavjudligi xizmat har doim ham o‘z vaqtida ko‘rsatilayotganini anglatmaydi. Shu bois maxsus texnikalar harakatini nazorat qilish va aholi murojaatlarini aniq ma’lumotlar asosida o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
Sanitar tozalash korxonalari tasarrufida 4 500 ta maxsus avtotransport vositasi mavjud. Ularning 93 foizi GPS-treker qurilmalari bilan jihozlangan. Bu tizim orqali maxsus texnikaning harakat yo‘nalishi, xizmat ko‘rsatish hududiga kirgan vaqti, u yerda qancha muddat bo‘lgani va belgilangan jadvalga rioya etilgani real vaqt rejimida kuzatiladi. Masalan, fuqaro o‘z mahallasida chiqindi o‘z vaqtida olib ketilmagani yuzasidan murojaat qilsa, mas’ul korxona faoliyatini tekshirishda GPS ma’lumotlaridan foydalanish mumkin. Ya’ni, mashina hududga kirgani haqidagi ma’lumotni shunchaki og‘zaki tasdiqlash emas, balki uning harakatini elektron ma’lumotlar asosida tekshirish imkoniyati bor.
Chiqindi o‘z vaqtida olib ketilmagani yoki xizmat umuman ko‘rsatilmagani haqida murojaat kelib tushsa, mas’ul sanitar tozalash korxonasi faoliyati o‘rganiladi. Bunda maxsus texnika belgilangan manzilga haqiqatda kirgan-kirmagani, harakat jadvaliga amal qilgani va hududda qancha vaqt bo‘lgani tahlil qilinadi.
Agar xizmat ko‘rsatishda kamchiliklar yoki belgilangan jadvaldan chetga chiqish holatlari aniqlansa, tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtiriladi. Ushbu hujjat va tasdiqlangan ma’lumotlar asosida xizmat ko‘rsatilmagan davr uchun aholiga hisoblangan to‘lovlar qayta hisob-kitob qilinadi. Ortiqcha to‘langan mablag‘lar esa qaytariladi. Bu yerda muhim jihat bor: chiqindi olib ketilmagani haqidagi murojaat shunchaki shikoyat sifatida qolib ketmasligi, balki tekshiruv va aniq natijaga olib kelishi kerak.
Xo‘sh, unda “Toza makon” tizimi nimani nazorat qiladi?
“Toza makon” yagona billing tizimi orqali aholiga ko‘rsatilayotgan sanitar tozalash xizmatlari, hisob-kitoblar va maxsus texnikalar harakatiga oid ma’lumotlar monitoring qilinadi. Shu bilan birga, har bir murojaat belgilangan tartibda o‘rganiladi. Bu esa xizmat sifatiga oid muammolarni aniqlash, mas’ul korxonalar faoliyatini tekshirish va asossiz hisoblangan to‘lovlarni qayta ko‘rib chiqish uchun asos bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA