Hosilni asrash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash dolzarb vazifa
Bugungi kunda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish, yetishtirilgan hosilni asrash va aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada o‘simliklarni zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish, ularning tarqalishini oldindan prognoz qilish hamda profilaktik choralarni o‘z vaqtida amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda Navoiy viloyati Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan 2027-yil mavsumiga tayyorgarlik doirasida kuzgi yer kovlash va fitosanitariya kuzatuvlari olib borilmoqda. Ushbu ishlar kelgusi yilda zararkunandalar va kasalliklar tarqalishini oldindan baholash, himoya tadbirlarini rejalashtirish hamda mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish uchun muhim hisoblanadi.

– Xodimlarimiz tomonidan olib borilgan kuzatuvlar natijasida qishloq xo‘jaligi ekinlariga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan zararkunandalar va kasalliklar aniqlanib, ularga qarshi kurashish choralari ko‘rilmoqda, – deydi boshqarmaning Navbahor tuman inspeksiyasi boshlig‘i Ohunjon Obloqulov. – Olib borilgan o‘rganish va kuzatuvlar natijasida tumandagi 7 ming 219 gektar g‘alla maydonining 5 ming 169 gektarida turli zararkunandalar tarqalishi mumkinligi prognoz qilindi. Jumladan, shira va tripslar 2 ming 310 gektar, shilimshiq qurt 1 ming 314 gektar, zararli xasva 1 ming 265 gektar maydonga xavf solishi mumkin. Shuningdek, sariq zang kasalligining 6 ming gektar maydonda tarqalish ehtimoli baholandi. G‘o‘za maydonlarida esa kuzgi tunlam 3,9 ming gektar, shira va tripslar 3 ming 890 gektar, o‘rgimchakkana 2 ming 162 gektar maydonda tarqalishi mumkinligi qayd etildi.
Issiqxona va sabzavot ekinlarida ham zararkunandalar hamda kasalliklar tarqalishining oldini olish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilandi. Kartoshka maydonlarida kolorado qo‘ng‘izi, kartoshka kuyasi va fitoftoroz kabi zararli organizmlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Eng muhimi, prognoz ma’lumotlari asosida ekinlarni himoya qilish uchun zarur kimyoviy va biologik vositalar zaxirasi shakllantirildi. Bu esa zararli organizmlarga qarshi o‘z vaqtida chora ko‘rish, hosil yo‘qotilishining oldini olish va fermerlar mehnati samarasini saqlab qolish imkonini beradi.
Qishloq xo‘jaligida samaradorlik nafaqat yuqori hosil yetishtirish, balki uni ishonchli himoya qilish bilan ham belgilanadi. Shu bois ilmiy asoslangan prognoz, muntazam nazorat va o‘z vaqtidagi profilaktik choralar sohadagi islohotlarning amaliy natijasini ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash va xalq farovonligini oshirishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri