Yangi Oʻzbekiston: ishonch, hamkorlik va taraqqiyot
Munosabat
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahbarligida Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan ochiqlik va oshkoralik siyosati natijasida erishilgan yutuqlarni bugun barchamiz guvohi boʻlib turibmiz. Xususan, soʻnggi 10 yilda olib borilgan islohotlar, yangilanishlar nafaqat shahar, tuman markazlarida, balki olis qishloq va ovullarda yashaydigan oddiy odamlar hayotida ham oʻz ifodasini topdi. Odamlar kelajakda emas, bugun ham baxtli va farvon hayot kechirayotganini dildan his etmoqda. Kam daromadli oilalar davlat tomnidan qoʻllab-quvvatlanishi natijasida ish bilan taʼminlandi, tadbirkorlikka yoʻnaltirildi. Muhimi, ichki siyosatdagi bu oʻzgarishlar mamlakatning tashqi siyosatidagi oʻrni va nufuzini oshirishga ham xizmat qilmoqda.
Bugun butun dunyodagi tahlikali vaziyatda ham Oʻzbekiston rivojlanish va taraqqiyot sari ildamlayotganini jahonning mana-man degan davlatlari va xalqaro tashkilotlari ham tan olmoqda.

Ochigʻini aytishimiz kerak, Prezidentimiz ish boshlagan dastlabki yillardanoq qoʻshni davlatlar bilan doʻstlik va yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kirishdi. Bir-biri bilan quda-anda va qarindosh boʻlib ketgan xalqlar oʻrtasiga qoʻyilgan toʻsiqlar va chegaralar olib tashlandi.
Prezidentimiz tashabbuslarini qoʻshni davlatlar rahbarlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi natijasida Markaziy Osiyoda siyosiy muloqot va oʻzaro ishonch mustahkamlandi, davlat rahbarlarining Maslahatlashuv uchrashuvlari yoʻlga qoʻyildi. Natijada mintaqadagi ikki va koʻp tomonlama hamkorlik darajasi yangi bosqichga koʻtarildi.
Statistika agentligi maʼlumotlariga koʻra, 2026-yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonning faqat Markaziy Osiyo mamlakatlari farmasevtika, neft mahsulotlari, don mahsulotlari, avtomobilsozlik, energetika, oziq-ovqat, qurilish materiallari, transport-logistika, kimyo va boshqa yoʻnalishlarda savdo hajmi 4,4 milliard dollarga yetib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 26,5 foizga oshganining oʻziyoq yuqoridagi fikrimiz tasdigʻidir.
Taʼkidlash joizki, mintaqada eng muhim tarixiy voqealardan biri –"Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston" temir yoʻli qurilishining faollashuvi boʻldi. Bu loyiha Markaziy Osiyodagi barcha davlatlarni Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga mahsulotlarini olib chiqishini taʼminlaydigan muhim tranzit yoʻlagidir.
Shuningdek, Surxondaryodagi Afgʻoniston bilan chegaradosh "Ayritom" xalqaro savdo markazi, Qozogʻiston bilan chegarada qurilayotgan "Markaziy Osiyo" xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi chegaraoldi savdoni rivojlantirishga qaratilganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizning yaqin qondosh va qoʻshni davlatlar bilan iqtisodiy munosabatlari faqat xomashyo eksport qiladigan davlat emas, balki tayyor mahsulot yetkazib berishga xizmat qiladi. Shu bilan birga bu iqtisodiy munosabatlar mintaqada yashaydigan xalqlarning ham birdamligini taʼminlashga ham hissa qoʻshayotgani bilan muhim ahamiyatga ega.
Ilhom RAJABOV,
Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati,
NKMK AJ Markaziy kon boshqarmasi
Axborot va maʼnaviyat-maʼrifat guruhi rahbari