“Jasorat maktablari” – bilim, intizom va vatanparvarlik uyg‘unlashgan maskan
Bolalikdanoq intizomli, jismonan baquvvat, bilimli va Vatanga sadoqatli bo‘lish — bu fazilatlarni shakllantirishda ta’limning o‘rni beqiyos. Shu maqsadda yurtimizda “Jasorat maktablari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab respublika bo‘ylab 208 ta “Jasorat maktabi” — har bir tuman va shaharda bittadan tashkil etildi. Ayni paytda ushbu maktablarda 10 ming nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda.
Bu maktablarda qaysi fanlarga alohida e’tibor qaratiladi?
“Jasorat maktablari”ning asosiy jihatlaridan biri o‘quvchilarning nafaqat umumta’lim fanlaridan bilim olishi, balki harbiy-vatanparvarlik va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ham salohiyatini oshirishidir.
Mazkur maktabda matematika, chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik (CHQBT), tarix, jismoniy tarbiya, chet tili hamda fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitilmoqda. Ya’ni o‘quvchi bu maktabda formulani ham o‘rganadi, tarixni ham chuqur biladi, xorijiy tilni ham o‘zlashtiradi. Shu bilan birga, jismoniy tayyorgarlik va harbiy-vatanparvarlik ko‘nikmalarini ham shakllantiradi.
“Jasorat maktablari”ga qabul 4-sinfni tamomlagan o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladi. Sinovlar 1-bosqich — test sinovlari va 2-bosqich — jismoniy tayyorgarlik sinovlari kabi ikki bosqichdan iborat. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha har bir o‘quvchiga 4-sinf o‘quv dasturi doirasida 5 ta jismoniy mashq beriladi. Har bir sinfga esa 26 nafardan o‘quvchi qabul qilinadi. Arizalar onlayn tarzda — ariza.piima.uz platformasi orqali yuboriladi.
“Jasorat maktablari”da darsdan tashqari mashg‘ulotlar ham bor. Maskanda o‘quvchilarning qiziqish va qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan to‘garaklar ham tashkil etilgan. Jumladan, robototexnika, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik, milliy sport o‘yinlari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Bu esa o‘quvchilarga maktabda olgan nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan boyitish imkonini bermoqda.
Joriy yilda ilk bor “Jasorat maktablari” o‘quvchilari o‘rtasida “Jasorat uchqunlari” harbiy-vatanparvarlik va sport musobaqasi tashkil etildi. Musobaqada o‘zini ko‘rsatgan g‘oliblar esa munosib taqdirlandi — ular Ozarbayjonga ta’lim sayohatiga yuborildi. Demak, “Jasorat maktablari”da maqsad faqat yaxshi baho olish emas. Bu yerda o‘quvchining aqli, jismi, irodasi va Vatanga muhabbati birdek tarbiyalanmoqda. Bugun bu maktablarda tahsil olayotgan 10 mingdan ortiq o‘g‘il-qiz ertangi kun uchun nafaqat bilimli mutaxassis, balki jasoratli, intizomli va yurt taqdiriga befarq bo‘lmagan avlod bo‘lib kamol topishi ko‘zda tutilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA