Istiqlol yo‘llari oynadek tekis...Munosabat
Bir paytlar xorijga chiqqanimizda, u yerdagi yo‘llarni ko‘rib havasimiz kelardi. “Qaniydi, bizning yo‘llarimiz ham ana shu yo‘llarga o‘xshab, tekis, ravon bo‘lsa” deb orzu qilardik.
Shukrlar bo‘lsinkim, hozir orzularimiz ushalayotgan vaqtda yashayapmiz. Chunki yurtimizda turli ko‘rinishdagi inshootlar, zavod, fabrikalar, korxona va tashkilotlar, bog‘cha, maktab, institut hamda universitetlarning binolari, aholi uchun ko‘p qavatli uy-joylar bilan bir qatorda yangi yo‘llar ham bunyod etilyapti, eskilari ta’mirlanib, yana avvalgiday ravon yo‘llarga aylantirilmoqda. Ularga misol tariqasida Angren – Farg‘ona, Toshkent – Samarqand, Xiva – Urganch kabi yo‘llarning zamon talablari asosida qurilgani yoki qaytadan ta’mirlanganini aytib o‘tish mumkin.
Men Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida tug‘ilganman. Bolalik paytlarimni eslayman. Qishlog‘imiz ko‘chalari tuproqqa to‘la edi.Yoz paytlari quyosh nurlarini o‘ziga yutgan bu tuproqlar yalang oyoqlarimizni xuddi olov yanglig‘ kuydirardi. Bu yo‘llardan yurgan mashinalar ko‘targan changu to‘zon esa ancha vaqtgacha tarqalmay turar, yonidan o‘tgan piyodalarning og‘zi burnini to‘ldirib, yuzlarini qoplab olardi.

Agar tuman markaziga ishimiz tushsa, yengil avtomobillar kam bo‘lgani tufayli usti ochiq, yonlari taxta bilan o‘ralgan mashinalarda borishga to‘g‘ri kelardi. Oqibatda yo‘llar asfaltlanmagani sabab manzilga yetib borguncha ust-boshimiz chang bilan qoplanar, yuzimizga qaragan odam bizni yaxshi tanimasligi aniq edi. Bunga o‘zim ko‘p marta guvoh bo‘lganman.
O‘tgan asrning 70-yillarida tuman markaziga yaqin hududda oltin koni ochildi. Unga Marjonbuloq deb nom qo‘yishdi. Ushbu kon sharofati bilan qishlog‘imizga yaqin bo‘lgan G‘allaorol – Zarmiton yo‘li asfaltlandi. Natijada bu yo‘ldan yurish ancha osonlashdi. Avtobuslar qatnay boshladi. Oradan yillar o‘tdi. Oqibatda ushbu yo‘l ham eskirdi, katta-katta yoriq, chuqurchalar paydo bo‘ldi, unda yurish tobora qiyinlashib bordi. Bu holat yaqin vaqtgacha davom etdi.
Yurtimizda tobora mustahkamlanayotgan mustaqillik, olib borilayotgan islohotlar, yo‘llarga bo‘lgan katta e’tibor sababli qishlog‘imizdan tumangacha bo‘lgan yo‘l ( 70 kilometr) ham qayta ta’mirlandi, yangi asfalt yotqizildi. Bu bunyodkorlik ishidan butun tuman ahli, qolaversa, qishloqdoshlarimiz ham bag‘oyat xursand bo‘ldi. Prezidentimiz va hukumatimizga, yo‘l quruvchilariga o‘zlarining otashin minnatdorchiliklarini bildirishdi, katta rahmatlar aytishdi.

Ayni paytda men poytaxtimizning Sergeli tumanidagi mahallalaridan birida yashayman. Bundan bir necha yillar oldin mahallamiz yo‘llariga qarab bo‘lmasdi. Ilgari asfaltlangan bo‘lsada, vaqt o‘tishi bilan bu yo‘llar xuddi eskirgan devorday yorilib ketgan, ravon emasdi, eng yomoni, o‘ydim-chuqurlardan iborat bo‘lib qolgan edi. Ayniqsa, bahor chog‘larida yoqqan yomg‘ir tufayli yo‘lning chuqur joylariga suv to‘planib, yo‘lovchilar va mashinalarning qatnovini g‘oyatda qiyinlashirib yuborardi. Uch-to‘rt yil oldin mahallamiz yo‘llarida ham ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Natijada ular oynadek tekis, ravon yo‘llarga aylandi, ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi, yurgan sayin yurgingiz keladi. Bunday bunyodkorlik ishlari nafaqat bizning mahallada, balki poytaxtimizning boshqa mahallalarida ham amalga oshirildi. Boya aytib o‘tganimdek, hozir bu yaratuvchanlik, yo‘llar qurilishi butun mamlakatimizni qamrab olgan.

Albatta, mamlakatimizda yo‘llar qurilishi va ularning ta’mirlanishi borasida hali qilinadigan ishlar juda ko‘p. Lekin xalqimizda “qimirlagan qir oshar” degan gap bor. Demak, gap harakatda. Yurtimiz qanchalik rivojlansa, yo‘llarimiz ham shunga yarasha chiroyli va ravon bo‘lib boradi. Bunga shubha yo‘q.
Istiqlol yo‘llari oynadek tekis,
Yurgan sayin yurging keladi.
Ularni qurganga, ofarin, olqish
Va rahmatlar aytging keladi.
Hatto xorijliklar qilmoqda havas,
Hozirdanoq bizning yo‘llarga.
Bundayin yutuqlar muammo emas,
Bersak bo‘ldi qo‘lni qo‘llarga.
Turob NIYOZ,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
O‘zA