Ishonchni suiiste’mol qilgan nazoratchi
Birovning haqini o‘z manfaatiga sarflash — nafaqat qonunbuzarlik, balki inson ishonchini poymol qilishdir. Buxoro viloyati Kogon tumanida aniqlangan holat esa bu haqiqatni yana bir bor ko‘rsatdi.
Suv — hayot manbai. Uning har bir tomchisi, har bir to‘lovi ortida aholining kundalik ehtiyoji, mehnati va halol rizqi mujassam. Shu bois suv ta’minoti tizimida ishlovchi xodimlar zimmasiga nafaqat xizmat vazifasi, balki yuksak mas’uliyat ham yuklanadi. Afsuski, ayrim shaxslar ana shu ishonch va mas’uliyatni shaxsiy manfaati yo‘lida suiiste’mol qilishga urinishi hamon uchrab turibdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kogon tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Buxoro suv ta’minoti” AJ bo‘limi sobiq nazoratchisi Sh.S. fuqarolarning ishonchidan foydalanib, ularning pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Tekshiruv materiallariga ko‘ra, sobiq nazoratchi 25 nafar fuqarodan suv iste’moli uchun to‘lov sifatida jami 100 AQSH dollari va 17,8 million so‘m mablag‘ni olgan. Fuqarolar esa bu pullar suv ta’minoti bo‘yicha mavjud qarzdorlikni bartaraf etish uchun sarflanadi, degan ishonchda bo‘lgan. Ammo voqelik butunlay boshqacha tus olgan. Olingan mablag‘lar tegishli to‘lovlarni amalga oshirishga yo‘naltirilmagan. Aksincha, ular sobiq xodimning shaxsiy ehtiyojlariga sarflangan. Bir qarashda bu oddiy moliyaviy qonunbuzarlikdek tuyulishi mumkin. Aslida esa masalaning mohiyati ancha chuqur. Chunki bu yerda gap faqat pul haqida emas. Gap — ishonch haqida.
Fuqaro o‘zining kommunal to‘lovini amalga oshirish maqsadida ishonch bildirib, mablag‘ini mas’ul shaxsga topshiradi. U esa xizmat vakolatidan foydalanib, ushbu ishonchni shaxsiy manfaatiga bursa, jamiyatdagi adolat va halollik tamoyillariga putur yetadi. Qonun esa bunday holatlarga nisbatan murosasiz.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda holatning barcha tafsilotlarini aniqlash, yetkazilgan zarar miqdorini belgilash hamda ishga huquqiy baho berish maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu holatdan chiqariladigan xulosa esa oddiy: lavozim — shaxsiy manfaat uchun berilgan imkoniyat emas, xalq ishonchini oqlash mas’uliyatidir.
Ayniqsa, aholi bilan bevosita ishlaydigan sohalarda har bir xodim o‘z harakati uchun javobgar ekanini chuqur anglashi zarur. Fuqaroning bir so‘mi ham halol mehnat bilan topilgan mablag‘. Uni o‘zlashtirish yoki aldash orqali qo‘lga kiritish esa qonun oldida javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri