Yangi ish o‘rinlarini yaratishda qaysi omillar hal qiluvchi ahamiyatga ega?
Bugun Iqtisodiyot va moliya vazirligida kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish hamda barqaror ish o‘rinlari yaratishni jadallashtirishga bag‘ishlangan yuqori darajadagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda xalqaro moliya institutlari, davlat idoralari, tijorat banklari, xususiy sektor, venchur fondlar va tahlil markazlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassa hamda boshqa ishtirokchilar mamlakatda mehnat bozoriga har yili kirib kelayotgan aholi bandligini ta’minlashda kichik va o‘rta biznesning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladi.
Bugungi kunda biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish, ortiqcha ma’muriy to‘siqlarni qisqartirish va tadbirkorlar uchun ochiq hamda shaffof qoidalarni joriy etish hal qiluvchi omil hisoblanadi. Shu bilan birga, moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, kichik va o‘rta biznes sub’ektlari uchun arzon va uzoq muddatli moliyaviy resurslarga kirishni ta’minlash masalasi ham dolzarb. Shu talablarga ko‘ra, tadbirda xususiy sektor resurslarini faol jalb etish, investitsiya muhitini yaxshilash va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiluvchi muhim yo‘nalishlar sifatida ko‘rib chiqildi.
Muloqot davomida xalqaro moliya institutlari va rivojlanish hamkorlari tomonidan amalga oshirilayotgan dasturlarni muvofiqlashtirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish hamda qo‘shimcha moliyalashtirish manbalarini safarbar etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, mavjud va rejalashtirilayotgan tashabbuslarni milliy ustuvor yo‘nalishlarga uyg‘unlashtirish, moliyaviy va institutsional bo‘shliqlarni bartaraf etish tufayli kichik va o‘rta biznesning unumdorligi va raqobatbardoshligini oshirish mumkin.
Yakunda mazkur davra suhbati manfaatdor tomonlarni birlashtirish, dastlabki kelishuvlarni shakllantirish va kichik hamda o‘rta biznesni rivojlantirish orqali aholi bandligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratgani qayd etildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA