“Hududgazta’minot”: 1 milliard 398 million so‘mlik tabiiy gaz qayta hisob-kitob qilindi
Ayni kunlarda gaz ta’minoti tizimida nazoratni kuchaytirish, noqonuniy ulanishlar va resurslarni talon-taroj qilish holatlarini barvaqt aniqlash maqsadida tizimli monitoring hamda hamkorlikdagi tekshiruv ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda.
Aynan shunday tadbirlar doirasida Samarqand viloyati Samarqand tumanida o‘tkazilgan navbatdagi nazorat o‘rganishlari davomida qonunbuzarlik holati fosh etildi.
Unga ko‘ra, tumanning “O‘rta Arabxona” MFYda yashovchi fuqaro U.D. o‘z xonadonda hisoblagichdan tashqari yashirin tarmoq tortgan holda metall eritish uchun tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, 1 milliard 398 million so‘mlik tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilindi va tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
“Hududgazta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Dilorom Jumaniyozovaning ma’lum qilishicha, ayni kunlarda tashkilot tomonidan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish va ularni barvaqt aniqlash bo‘yicha nazorat ishlari kuchaytirilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA