Intizomiy chorasi bor xodimni rag‘batlantirishni taqiqlash bekor qilinishi mumkin
• Farzandli bo‘lgan otalarga ham qo‘shimcha ta’til berilishishi kutilmoqda.
•Intizomiy chorasi bor xodimni rag‘batlantirishni taqiqlash bekor qilinishi kutilmoqda.
•Ish haqini kechiktirganlik uchun kompensatsiya to‘lash tartibi belgilanmoqda.
•Ishsizlik nafaqasini belgilash tartiblari takomillashtirilmoqda.
•Mehnat shartnomasi bekor bo‘lgan shaxslarga mehnat tashkilotlari tomonidan axborot olingan kundan boshlab ish taklif etilishi belgilanmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida birinchi o‘qishda muhokama qilingan mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasida shu kabi tartiblar o‘z aksini topmoqda.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan ishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilmoqda. Fuqaroni ishga qabul qilishda asosan uning shaxsiy identifikatsiya raqami talab etiladi. Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar esa harbiy guvohnoma yoxud harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma taqdim etishi lozim.
Shuningdek, mehnat munosabatlari raqamlashtirilmoqda. Ishga kirishda elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma berish bekor qilinmoqda. Elektron raqamli imzo yoki biometrik identifikatsiya (Face-ID) orqali tasdiqlangan hujjatlar yuridik jihatdan qo‘lda imzolangan hujjatlar bilan tenglashtirilmoqda.
Ta’kidlanganidek, hujjat loyihasida mehnat jarayonida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga doir normalar ham o‘z aksini topgan. Jumladan, bunday holatlarni taqiqlash, ularning oldini olish va jabrlangan xodimlarni himoya qilish choralari belgilanmoqda.
Ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun pulli kompensatsiya to‘lash tartibi ham nazarda tutilyapti.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan bir qator savollar, takliflar o‘rtaga tashlandi va mutasaddilar tomonidan tegishli javoblar qaytarildi. Ta’kidlandiki, qonun loyihasi mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda xodimlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA