O‘zbekistonda YATTlar soni 324 mingdan oshdi
Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan islohotlar natijasida yakka tartibdagi tadbirkorlar (YATT) soni izchil o‘sib bormoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan YATTlar soni 324 ming 90 tani tashkil etgan.
Bu ko‘rsatkich mamlakatda tadbirkorlik muhiti yanada kengayib borayotgani, aholi bandligini ta’minlashda xususiy sektorning o‘rni ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar soni hududlar kesimida turlicha taqsimlangan. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga to‘g‘ri kelmoqda. Ya’ni, Toshkent shahrida 49 ming 210 ta, Farg‘ona viloyatida 34 ming 809 ta, Samarqand viloyati 32 ming 536 tada, Toshkent viloyati 30 ming 83 tani tashkil etadi.
Shuningdek, Andijon viloyatida 28 ming 19 tani, Qashqadaryo viloyatida 24 ming 760 ta, Namangan viloyatida 22 ming 779 ta, Buxoro viloyatida 19 ming 451 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 18 ming 912 ta, Surxondaryo viloyatida esa 18 ming 156 ta, Xorazm viloyatida 15 ming 776 ta, Jizzax viloyatida 11 ming 902 ta, Sirdaryo viloyatida 9 ming 89 tani, Navoiy viloyatida 8 ming 608 tani tashkil etmoqda.
Ekspertlarning fikricha, Toshkent shahrida yakka tartibdagi tadbirkorlar sonining yuqoriligi qator omillar bilan bog‘liq. Iqtisodiy faollik va bozor hajmining kattaligi, xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarining rivojlanganligi, moliyaviy va bank xizmatlariga kirish imkoniyatlarining kengligi, aholining ichki migratsiyasi natijasida ishchi kuchi konsentratsiyasi bilan bog‘liq.
Chekka va qishloq hududlarida yakka tartibdagi tadbirkorlar soni nisbatan past bo‘lib qolmoqda. Bu esa infratuzilma, bozor imkoniyatlari va moliyaviy resurslarga kirishdagi cheklovlar bilan izohlanadi. Shu bilan birga, hukumat tomonidan kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kreditlar ajratish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, yakka tartibdagi tadbirkorlar sonining 324 mingdan oshishi mamlakatda xususiy tadbirkorlik rivojlanib borayotganini tasdiqlaydi. Biroq, hududlar o‘rtasidagi farqlar hali ham sezilarli bo‘lib, bu muvozanatni ta’minlash kelgusi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hududlarda infratuzilmani yanada rivojlantirish va tadbirkorlik uchun teng imkoniyatlar yaratish iqtisodiy o‘sishning muhim omili bo‘lib qoladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA