Yangi banknot va tangalar haqida aholi kamida bir hafta oldin xabardor qilinadi
Yangi namunadagi pul belgilarini muomalaga chiqarish tartibi yanada aniqlashtirilishi kutilmoqda
Markaziy bank tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning yangi tahrirdagi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjatda banknot va tangalarni muomalaga chiqarish, ularning dizaynini tasdiqlash hamda aholiga bu haqda axborot berish bilan bog‘liq qator yangi talablar belgilanmoqda.
Loyihaga ko‘ra, yangi namunadagi banknot va tangalar dizayni Markaziy bank Boshqaruvining qarori bilan tasdiqlanadi. Bu jarayonda pul belgilarining tashqi ko‘rinishi, ularda aks ettiriladigan ramzlar va tasvirlarning mazmun-mohiyatiga alohida e’tibor qaratiladi.
Xususan, yangi banknot va tangalar muayyan mavzuga bag‘ishlanishi mumkin. Ularda O‘zbekiston tarixi, mamlakatning madaniy merosi, ilm-fan rivojiga munosib hissa qo‘shgan shaxslar, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar, tabiat, milliylik va qadriyatlarni ifoda etuvchi tasvirlar aks ettirilishi nazarda tutilmoqda. Loyihadagi e’tiborli jihatlardan biri — yangi namunadagi banknot va tangalarning muomalaga chiqarilishi haqida aholiga oldindan ma’lumot berish talabining belgilanayotganidir.
Unga ko‘ra, yangi banknot yoki tangalarning muomalaga chiqarilishi haqidagi axborot, shuningdek, ularning tavsifi muomalaga chiqarish sanasidan kamida bir hafta oldin ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi shart.
Bu talab aholi, tadbirkorlik sub’ektlari, banklar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki yangi pul belgisi muomalaga kiritilishi bilan uning tashqi ko‘rinishi, himoya elementlari, nominali va haqiqiyligini aniqlash bo‘yicha ma’lumotlarga ehtiyoj paydo bo‘ladi.
Oldindan berilgan axborot esa fuqarolarga yangi banknot yoki tangalarni tanib olish, ularning belgilari bilan tanishish va qalbaki pul belgilaridan ehtiyot bo‘lish imkonini beradi. Zamonaviy banknotlar nafaqat to‘lov vositasi, balki mamlakatning tarixi, madaniyati va milliy qadriyatlarini aks ettiruvchi muhim ramzlardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, loyihada banknot va tangalar dizaynida O‘zbekistonning tarixiy merosi, tabiati, milliy an’analari va taraqqiyot yo‘liga oid mavzularni ifodalash imkoniyati belgilanayotgani ahamiyatli.
Ayni paytda banknotlarning dizaynida estetik jihat bilan bir qatorda ularni himoya qilish, qalbakilashtirishning oldini olish va aholi tomonidan oson tanib olinishini ta’minlash ham muhim vazifalardan sanaladi. Shu bois yangi namunadagi pul belgilarini ishlab chiqishda ularning tashqi ko‘rinishi bilan birga zamonaviy himoya texnologiyalaridan foydalanish masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Banknot va tangalarning davriy ravishda yangilanishi jahon amaliyotida keng qo‘llaniladi. Bunga iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar, inflyatsiya jarayonlari, naqd pulga bo‘lgan ehtiyoj, to‘lov texnologiyalarining rivojlanishi, shuningdek, pul belgilarini himoya qilish darajasini oshirish kabi omillar ta’sir qiladi.
Yangi namunadagi banknot yoki tanganing muomalaga kiritilishi esa amaldagi pul belgilarining avtomatik ravishda birdaniga muomaladan chiqarilishini anglatmaydi. Bunday jarayonlar alohida tartib asosida amalga oshiriladi va aholiga tegishli axborot beriladi.
Ayni paytda mazkur ҳужжат лойиҳа maqomida bo‘lib, jamoatchilik muhokamasi natijalaridan kelib chiqib unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin. Shuning uchun hujjatdagi qoidalarning yakuniy tahriri qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatda aniqlashtiriladi.
Umuman, yangi tartibning joriy etilishi naqd pul muomalasida ochiqlikni ta’minlash, aholini yangi pul belgilari haqida o‘z vaqtida xabardor qilish va banknot hamda tangalardan foydalanishda qulaylik yaratishga xizmat qilishi mumkin.
Sh.Маматуропоva, O‘zA