Iqtisodiy islohotlar: davlat aktivlarini xususiylashtirish hajmi 55 baravar oshdi
Mamlakatimizda xususiy sektorning iqtisodiyotdagi o‘rnini kengaytirishga qaratilgan islohotlar natijasida davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayoni yangi ko‘lam kasb etmoqda. Mustaqillikning 35 yili mobaynida davlat mulkini boshqarish tizimi takomillashtirilib, xususiy kapital va investitsiyalarni iqtisodiyotga jalb qilish uchun zarur sharoitlar yaratildi.
Ta’kidlash kerakki, bu jarayonning huquqiy asosi so‘nggi yillarda qabul qilingan qonunlar bilan mustahkamlandi. Jumladan, 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasining “Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida”gi, 2024-yilda esa “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi.
Xususiylashtirish sohasidagi o‘zgarishlarni raqamlar ham yaqqol ko‘rsatmoqda. 2020-yilgacha bo‘lgan 10 yillik davrda bu jarayondan davlat byudjetiga 1,1 trillion so‘m mablag‘ tushgan. 2020-2025-yillar oralig‘ida esa xususiylashtirishdan olingan mablag‘lar 77,6 trillion so‘mga yetdi. Shu bilan birga, xususiylashtirish hajmi 55 baravarga oshdi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarni qisqartirish ham islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Bunda xalqaro tajribada qo‘llaniladigan “sot yoki tushuntir” tamoyili asos qilib olinib, 2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalar soni 61 foizga kamaytirildi.
Xususiylashtirishning yana bir muhim jihati - yirik aktivlarga xususiy va xorijiy kapitalning kirib kelishidir. Masalan, “Coca-Cola Uzbekistan” 252 million AQSH dollariga, Ipoteka banki 324 million AQSH dollariga sotildi. Samarqand avtomobil zavodidagi davlat ulushining 75,2 foizi ham xususiylashtirilib, bu bitimdan 80 million AQSH dollari tushdi. Yirik aktivlar bo‘yicha amalga oshirilgan ushbu savdolar xususiy investorlar ishtirokini kengaytirish bilan birga, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini kamaytirishga xizmat qilmoqda.
O‘zgarishlar ko‘chmas mulk sohasini ham qamrab olgan. 2026-yilda “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilinib, sohada shaffoflikni oshirish va raqamli mexanizmlarni keng joriy etishga yo‘l ochildi. Xususan, rieltorlik bozori ishtirokchilarining Yagona reyestri hamda mulk ob’ektlarini birgalikda taklif qilishga imkon beruvchi multiilisting tizimini ishga tushirish belgilangan.
Yangi yondashuvlar rieltorlik xizmatlarini “yagona darcha” tamoyili asosida tashkil etishga ham imkon beradi. Bunda rieltorlik tashkilotlari ko‘chmas mulk bitimlariga ko‘maklashish va savdolarni tashkil etishdan tashqari, ishonchli boshqaruv, axborot, maslahat hamda reklama xizmatlarini ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.
Yer munosabatlaridagi jarayonlar ham xususiylashtirish faollashganini ko‘rsatmoqda. 2022-2025-yillarda mulk huquqi va ijara huquqi asosida auksionga chiqarilib, realizatsiya qilingan yer uchastkalari hajmi qariyb 4 baravar ko‘paydi. 2026-yilning birinchi yarmida esa 1,8 ming gektar yer uchastkasi realizatsiya qilingan. Bu 2022-yildagi butun yillik ko‘rsatkichdan sezilarli yuqori natija hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarni xususiylashtirishga bo‘lgan qiziqish ham ortgan. Jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan bu borada berilgan murojaatlar soni 2022-yilga nisbatan qariyb 5 baravarga ko‘paygan.
Davlat mulkini sotishda elektron savdolarning ulushi ham tobora oshib bormoqda. Hozirgacha “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali qariyb 1,5 million ob’ekt savdoga qo‘yilgan bo‘lib, ularning 1,2 milliondan ziyodi xaridorlarga sotilgan.
Tadbirkorlarning davlat aktivlariga ega bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirish uchun to‘lovlarni bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish, ayrim holatlarda chegirmalardan foydalanish kabi imkoniyatlar yaratildi. Bundan tashqari, davlat mulkini uzoq muddatli ijaraga olib, keyinchalik uni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkonini beruvchi mexanizm ham joriy etildi.
Islohotlarning navbatdagi bosqichida ham asosiy e’tibor xususiy sektor ulushini oshirishga qaratiladi. Rejaga ko‘ra, 2030-yilgacha nodavlat sektorning iqtisodiyotdagi ulushini 85 foizga yetkazish va davlat ishtirokidagi korxonalar sonini qariyb 6 baravarga qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Shu tariqa davlat aktivlarini boshqarish tizimidagi o‘zgarishlar xususiylashtirish ko‘lamini oshirish bilan cheklanmayapti. Davlat mulkidan samarali foydalanish, xususiy kapital va investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar ochish hamda iqtisodiyotda nodavlat sektor mavqeini kuchaytirishga qaratilgan kompleks jarayon shakllanmoqda.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Axborot xizmati.
O‘zA