Tadbirkorlik dasturlari doirasida kreditlash 27 foizga ko‘paydi
Joriy yilning yanvar–iyul oylarida tadbirkorlik sub’ektlariga 90,3 trln so‘m kredit ajratildi
O‘zbekistonda mikro, kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash ko‘lami kengayib bormoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida ushbu toifadagi biznes sub’ektlariga 90,3 trln so‘m kredit ajratilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davridagi 75,9 trln so‘mga nisbatan 14,4 trln so‘mga yoki 19 foizga ko‘p. Demak, joriy yilning dastlabki yetti oyida kichik va o‘rta biznesni kreditlash sur’ati sezilarli darajada oshgan.
Alohida e’tiborli jihat — kreditlashda tadbirkorlik dasturlarining ulushi ham ortib borayotganidir. Hisobot davrida 22,5 trln so‘m kredit aynan tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 17,6 trln so‘mni tashkil etgan edi. Shunday qilib, dasturlar doirasidagi kreditlar bir yilda 27,3 foizga oshgan. Bu umumiy mikro, kichik va o‘rta biznes kreditlarining o‘sish sur’atidan ham yuqori.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, 2026-yil yanvar–iyul oylarida tadbirkorlik dasturlari doirasida ajratilgan 22,5 trln so‘m kredit mikro, kichik va o‘rta biznesga berilgan jami kreditlarning 24,9 foizini tashkil etgan. 2025-yilning mos davrida ushbu ulush 23,3 foiz atrofida bo‘lgan. Ya’ni bir yil ichida dasturli kreditlarning umumiy moliyalashtirishdagi salmog‘i ham oshgan. Bu holat davlat dasturlari orqali tadbirkorlikni moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Markaziy bankning hududlar kesimidagi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar–iyul oylarida mikro, kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlar hajmi bo‘yicha Toshkent shahri birinchi o‘rinda turibdi — 23,2 trln so‘m. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati — 8,1 trln so‘m, Toshkent viloyati — 8,0 trln so‘m, Samarqand viloyati — 7,2 trln so‘m, Qashqadaryo viloyati — 6,4 trln so‘m, Andijon viloyati — 5,3 trln so‘m, Buxoro viloyati — 5,2 trln so‘m, Xorazm viloyati — 5,2 trln so‘mni tashkil etgan.
Ayni paytda kreditlash o‘sish sur’ati bo‘yicha ayrim hududlarda ancha yuqori natijalar qayd etilgan. Xususan, Navoiy viloyatida mikro, kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlar bir yilda 52 foizga, Buxoroda 33,7 foizga, Namanganda 31,6 foizga oshgan. Samarqand viloyatida kreditlash hajmi 28,3 foizga, Qashqadaryoda 28,5 foizga, Toshkent viloyatida esa 27,2 foizga ko‘paygan. Shu bilan birga, barcha hududlarda o‘sish kuzatilmagan. Masalan, Jizzax viloyatida kreditlash hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,4 foizga, Sirdaryo viloyatida 3,4 foizga kamaygan.
Kreditlash hajmi banklar kesimida tahlil qilinganda ham turli dinamika ko‘zga tashlanadi. 2026-yil yanvar–iyul oylarida Agrobank orqali mikro, kichik va o‘rta biznes sub’ektlariga 15,1 trln so‘m, Xalq banki orqali 6,3 trln so‘m, Mikrokreditbank orqali 5,3 trln so‘m, Biznesni rivojlantirish banki orqali 4,5 trln so‘m va Aloqabank orqali 4,5 trln so‘m kredit ajratilgan.
Ayrim banklarda o‘sish sur’ati ayniqsa yuqori bo‘lgan. Masalan, Biznesni rivojlantirish bankida kichik biznesga ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,9 barobar oshgan. Shuningdek, Milliy bankda tadbirkorlik dasturlari doirasidagi kreditlar hajmi 1,7 barobardan ko‘proq, Xalq bankida esa 1,3 barobarga oshgan.
Mikro, kichik va o‘rta biznes iqtisodiyotda yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmatlar va ishlab chiqarish hajmini oshirish, mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois ushbu segmentga yo‘naltirilayotgan kreditlar hajmining ortishi iqtisodiy faollikni rag‘batlantiruvchi omillardan biri sifatida baholanishi mumkin.
Biroq kreditlash hajmining oshishi bilan bir qatorda, mablag‘larning qaysi sohalarga yo‘naltirilayotgani, kreditlarning qaytarilishi va tadbirkorlik loyihalarining samaradorligi ham muhim ahamiyatga ega.
Umuman, 2026-yilning dastlabki yetti oyidagi ko‘rsatkichlar mikro, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirish hajmi kengayib, davlat dasturlari orqali ajratilayotgan kreditlarning umumiy kreditlashdagi o‘rni ham ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA