Fermer: g‘alla 100 sentner edi, paxta 80 sentner bo‘ladi!
O‘n emas, hatto besh yil avval ham g‘alla va paxtadan shunday hosildorlik olinadi, deyishsa ishonmas edilar. Rost-da, o‘shanda paxta hosildorligi o‘rtacha 27-28 sentnerdan oshmagan. G‘alla ham 40-45 sentner edi.
Xo‘sh, shu qisqa vaqt ichida qanday voqealar ro‘y berdi? Avvalo, qishloq xo‘jaligiga ilm-fan kirib keldi. Endi urug‘ sifati, navi ilmiy xulosalarga asoslanib tanlanadi. Ekish uslubi keskin o‘zgardi. Xitoyning Shinjon tajribasi qo‘llandi. Ya’ni chigit qo‘shqator, plyonka ostiga, tomchilatib sug‘orish uslubida ekildi. Bir gektar maydonda 250-260 ming ko‘chat parvarishlanyapti hozir.


Yozyovon tumanidagi Sharobiddin Ismanov boshchiligidagi “Humo” fermer xo‘jaligi shu uslubda 38,6 gektar maydonga Xitoyning “Xin Lu Zhong-87” navli chigitdan ekkan edi.
– Chamalov o‘tkazdik. Har gektardan 80 sentnerga yaqin hosil borligini ko‘rsatdi hisob-kitob, – deydi Sharobiddin ota. – Aslida shartnoma 55 sentner edi. Shukrki, mehnatimizga yarasha hosil barakali bo‘ldi.

“Humo” fermer xo‘jaligi bu yil 59,5 gektar maydonda “Davr elite” navli bug‘doy yetishtirib, gektaridan 100 sentnerdan, jami 600 tonna bug‘doy yig‘ib olgan edi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA