Yana bir ezgu tashabbus amalda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori asosida Qashqadaryo viloyatida xayrli ishlar izchil davom etmoqda.
Nishon tumanida yashovchi Muhriddin Boltayev so‘nggi olti oydan buyon buyrak yetishmovchiligi xastaligi bilan kurashib kelmoqda. Uzoq davom etgan dard va murakkab sinovlarga qaramay, u bugun yangi hayot sari umid bilan qadam qo‘ymoqda.

Qurbon hayiti munosabati bilan davlatimiz rahbari tashabbusi asosida jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar Muhriddin Boltayev uchun ham katta quvonch bo‘ldi. U Qashqadaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun yotqizildi.

– Men kabi bemorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun cheksiz minnatdorman. Yaqin kunlarda sog‘lom insonlar safida bo‘lishimga ishonaman, – deydi Muhriddin Boltayev.

Uning samimiy minnatdorlik so‘zlari mamlakatimizda inson qadri va salomatligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar amalda o‘z samarasini berayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida Qurbon hayiti munosabati bilan 800 nafarga yaqin og‘ir ahvoldagi bemorlar va bolalar uchun jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu esa ehtiyojmand insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salomatligini tiklashga qaratilgan ezgu ishlar ko‘lami kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri