Yakkabog‘da uloq-ko‘pkari musobaqasi o‘tkaziladi
Joriy yilning 5 oktabr kuni Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanidagi Qorabayir otchilik majmuasida “O‘zbekiston otlari” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish, milliy otchilik an’analarini keng targ‘ib etishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi tashkil etildi.
Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari, polkovnik S.Mamayusupov raisligidagi yig‘ilishda ko‘rgazmaning mazmun-mohiyatini to‘laqonli namoyish etish, ishtirokchilar va mehmonlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tadbirga xorijiy va mahalliy sayyohlarni keng jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Qorabayir otchilik majmuasining sayyohlik salohiyatidan samarali foydalanish, milliy otchilik an’analari, tulporlarning zotlari va ko‘rgazmali chiqishlarni mehmonlar va sayyohlarga namoyish etish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, ko‘rgazma dasturida tarixiy-madaniy merosimizni keng targ‘ib etishga qaratilgan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlarini o‘rinli va ta’sirchan tarzda namoyish etish masalasiga e’tibor qaratildi.
Xususan, buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur siymosini gavdalantiruvchi teatrlashtirilgan chiqish orqali ajdodlarimizning otchilik va harbiy an’analari, chavandozlik mahorati hamda milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish zarurligi ta’kidlandi.

Muhokamalar jarayonida “O‘zbekiston otlari” ko‘rgazmasi doirasida 6-oktabr kuni Yakkabog‘ tumanining Xo‘jailg‘or qishlog‘ida Amir Temur tavalludi sanasiga bag‘ishlab uloq-ko‘pkari musobaqasini o‘tkazish rejalashtirilgani aytib o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA