Xotira – abadiy, qadr – muqaddas
Ikkinchi jahon urushining tugaganiga 81 yil bo‘ldi. Shuncha vaqt o‘tsa-da, urushning achchiq tarixi, u olib kelgan mislsiz kulfat va musibatlar insoniyat xotirasidan o‘chgani yo‘q. Bu mudhish xotiralar bizga tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho ne’mat ekanini doimo eslatib turadi. 9-may – Xotira va qadrlash kuni zamirida esa ana shunday mohiyat mujassam.
Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazilmoqda. Har yili mazkur sana mamlakatimizda o‘zgacha shukuhda nishonlanadi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16-aprel kuni «9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bayram mazmun-mohiyatini yanada oshirdi.

Hujjatga muvofiq, inson qadrini ulug‘lash, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizga mehr va e’tibor ko‘rsatish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilandi.
Ushbu tadbirlar zamirida xalqimizning tarixiy qahramonligi, fidokorona mehnatini ulug‘lash, yosh avlodni ona Vatanga sadoqatli, bugungi tinch, osoyishta hayotni asrab-avaylashga qodir insonlar etib tarbiyalash maqsadi mujassam.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida «Burch, jasorat, matonat!» nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Marosimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamenti boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berarkan, o‘tganlarni yodga olish, ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirish barchamizning insoniylik burchimiz ekanini ta’kidladi.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari faxriysi, «Shon-sharaf» ordeni sohibi, iste’fodagi general-leytenat Ilhom Ibragimov so‘zga chiqib, mazkur bayramning ahamiyati, uning milliy davlatchiligimizda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda Akademiya talabalar teatr studiyasi tomonidan Zulfiya Zokirovaning «Umr» asari asosida yaratilgan «Ilhaq» filmi syujeti asosida tayyorlangan spektakl namoyish etildi.
Bu asarda urush ortidagi xalqimizning, mushtipar onalar, ayollarning jasorati, matonati, fidoyiligi, mehnatsevarligi, oilasiga, Vataniga bo‘lgan mehri va sadoqati namoyish etilgan.

Besh farzandini urushga yuborib, birortasi tirik qolmasa-da, Zulfiya aya hayoti davomida mag‘rur qaddi, yuzidagi farzandlari kamolidan xursandligi asta-asta qayg‘uga, alamga aylangani ushbu asar orqali juda ta’sirchan ochib berilgan.
Zulfiya aya timsolida minglab onalarimiz farzandlarini urushga yuborib, unsiz yig‘lagan qalbini, kelinlari timsolida o‘zbek ayollarining oilasiga, turmush o‘rtog‘ining pok xotirasiga bo‘lgan sadoqatini ham ko‘rish mumkin. Zulfiya aya Zokirova – umr bo‘yi ilhaq bo‘lib farzandlarini kutgan ona timsoli.
Talabalar tomonidan ijro etilgan sahnalar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Urush, ayriliq, sog‘inch hissi aks etgan she’rlar, qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar bugungi tinch-osoyishta, farovon hayot qanchalik bebaho ne’mat ekani, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash muqaddas burchligini yana bir bor his qilishdi.
N.Usmonova, O‘zA