Xotira va qadrlash kunida ezgu tashabbus
Bojxona qo‘mitasi tomonidan Toshkent shahrining Sergeli tumanida xavfsiz muhitni ta’minlash, aholi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, 9-may — Xotira va qadrlash kuni arafasida o‘tkazilayotgan uchrashuv va xayriya tadbirlari alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan Bojxona qo‘mitasi rahbariyati, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi rahbarlari hamda Milliy kinologiya markazi direktori Sergeli tumanida istiqomat qilayotgan 7 nafar urush va mehnat faxriylarining holidan xabar oldi.

Uchrashuvlar davomida Ikkinchi jahon urushi yillarida front va front ortida mashaqqatli mehnat qilgan nuroniylar bilan samimiy muloqotlar o‘tkazildi. Faxriylar yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlar uchun minnatdorlik bildirdi.
Tadbir doirasida faxriylarga esdalik sovg‘alari va moddiy ko‘maklar topshirilib, ularning holidan muntazam xabar olish, ehtirom va e’tibor ko‘rsatish ezgu qadriyat ekani ta’kidlandi.

Albatta, urush va mehnat faxriylari bosib o‘tgan hayot yo‘li, ularning jasorati va matonati yosh avlod uchun haqiqiy ibrat maktabi hisoblanadi. Bu kabi uchrashuvlar esa yoshlarda Vatanga muhabbat, millatga sadoqat va inson qadrini ulug‘lash tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA