Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lganlar va prokuraturaning marhum faxriylari xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 16-apreldagi “9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida inson qadrini ulug‘lash, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizga mehr va e’tibor ko‘rsatishga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Qaror ijrosi doirasida Bosh prokuratura, Toshkent shahar, Transport va Harbiy prokuraturasi tomonidan bir qator tadbirlar o‘tkazildi.
Bosh prokuratura rahbariyati va jamoasi, Toshkent shahar prokuraturasi, Harbiy va Transport prokuraturalari, shuningdek uning huzuridagi faxriylarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlash markazi faxriylari, jamoatchilik kengashi a’zolari Toshkent shahrining Olmazor tumanida joylashgan “G‘alaba bog‘i”ga tashrif buyurdi.

“Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘yilib, Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat bajo keltirildi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, 1941-1945-yillarda prokuratura organlarida jami 500 nafar xodim faoliyat yuritib, ularning qariyb 80 foizi yoki 400 nafari urushga jalb qilingan. Qolganlari front ortida mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy masalalari, ayniqsa, frontga yetkazilishi lozim bo‘lgan resurslarni ishlab chiqarilishini xolisona ta’minlash, O‘zbekistonga ko‘chirib keltirilgan voyaga yetmaganlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va boshqa muhim sohalarga jalb qilingan.

Barcha faxriylar va xodimlar prokuratura tizimida ko‘p yillar mehnat qilgan, Ikkinchi jahon urushi davrida janggohlarda jasorat ko‘rsatgan, front ortida sadoqat bilan xizmat qilib, qonuniylikni ta’minlagan marhum bir qator prokuratura organlari faxriylari qabrlari ziyorat qilindi.
Xususan, "Minor" qabristoni Mannonov, Usmonov, Inomjonov va boshqalarning qabrlari ziyorat qilingan bo‘lsa, “Chig‘atoy” qabristonida Ustaboyev, Rashidov, Ro‘zmetov, Sheraliyev va Mustafoyev va boshqalarning qabrlariga gullar qo‘yildi.

Prokuratura rahbariyati tomonidan marhum faxriylarning oila a’zolari holidan xabar olindi.
Bunday tadbirlar boshqa hududlarda ham davom etmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA